Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining huquq va majburiyatlari belgilanadi

Jamiyat

image

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Loyihaga ko‘ra, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bevosita O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga bo‘ysunadi. Agentlik o‘z faoliyatining asosiy yo‘nalishlari yuzasidan Oliy Majlis palatalari oldida hisobdor etib belgilanadi.

Agentlikka vakolat muddati 5 yil etib belgilangan direktor rahbarlik qiladi. Bir odam ikki marta agentlikka rahbarlik qilishi mumkin bo‘ladi. Direktor o‘rinbosarlari ham 5 yil muddatga tayinlanadi.

Qonun bilan quyidagilar Agentlikning huquqlari etib belgilanadi:

Agentlik korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishda quyidagi huquqlarga ega:

byudjet mablag‘larining sarflanishi, davlat aktivlarining realizatsiya qilinishi, davlat xaridlari, davlat qarzlari, davlat tashkilotlari tomonidan o‘zlashtiriladigan xalqaro kredit va grant mablag‘lari, investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi va davlat dasturlari bajarilishi bilan bog‘liq materiallarni talab qilib olish va o‘rganish;

o‘z vakolatiga taalluqli masalalar yuzasidan o‘rnatilgan tartibda normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish;

jismoniy va yuridik shaxslarning korrupsiya masalalari bo‘yicha murojaatlarini, shuningdek anonim murojaatlarini ham ko‘rib chiqish hamda ularning buzilgan huquqlarini tiklash va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha choralar ko‘rish;

davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida korrupsiya holatlarini o‘rganish;

offshor hududlar orqali amalga oshiriladigan moliyaviy operatsiyalar, hayriya, sport va boshqa tashkilotlar tomonidan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish alomatlari mavjud holatlarni va korrupsiya holatlarini o‘rganish;

davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, davlat korxonalari va ustav kapitalida davlat ulushi bo‘lgan korxonalar, shu jumladan banklarda korrupsiyaga qarshi komplayens nazorat tuzilmalar xodimlarini lavozimga tayinlash va ozod qilishda kelishish hamda faoliyatini muvofiqlashtirish;

korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishining sabab va shart-sharoitlarini aniqlash, tizimli korrupsiyaning rivojlanish tendensiyalarini tahlil qilish maqsadida qonunchilik, shu jumladan jinoyat-protsessual qonunchiligiga muvofiq jinoyat ishlari materiallarini, shuningdek vakolati doirasida tekshiruv, surishtiruv, tergov va sud materiallarini talab qilib olish va o‘rganish;

xatti-harakatlarida korrupsiyaga oid huquqbuzarlik alomatlari bo‘lgan shaxslarga nisbatan to‘plangan materiallarni qonuniy chora ko‘rish uchun vakolatli organlarga yuborish;

o‘ziga yuklatilgan vazifalarni tezkor va o‘z vaqtida bajarish maqsadida vazirlik va idoralarning ma’lumotlar bazasi, ro‘yxati va boshqa ko‘rinishdagi axborot tizimidan foydalanish;

ob’ektni deklaratsiya qilish, uning narxini (bahosini) ekspertizadan o‘tkazish tartibini belgilash;

mol-mulk va daromadlarni deklaratsiya qilish qoidalarini buzgan mansabdor shaxs va fuqarolarga oid materiallarni qonuniy chora ko‘rish uchun vakolatli organlarga yuborish;

davlat xizmatchilarining mol-mulki va daromadlarni deklaratsiya qilish yo‘riqnomasi hamda shaklini tasdiqlash;

korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar yuzasidan davlat va bank sirlariga taalluqli bo‘lgan, shuningdek boshqa qonun hujjatlari bilan himoyalangan ma’lumotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri olish;

korrupsion huquqbuzarliklar oqibatida orttirilgan mol-mulklarning qaytarilishi bo‘yicha harakat va ishlarni muvofiqlashtirish;

ko‘rib chiqilayotgan ishlar bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlarning kuch va vositalaridan foydalanish;

o‘rganishda bo‘lgan materiallar bo‘yicha jazoni ijro etish muassasalari, tergov hibsxonalari, vaqtincha saqlab turish muassasalari va boshqa tashkilotlarga moneliksiz kirish va hujjatlar bilan tanishish;

davlat qarzlari, xalqaro kredit va grant mablag‘larining maqsadli sarflanishini nazorat qilish;

korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar bo‘yicha ma’muriy surishtiruv harakatlari o‘tkazish;

O‘zbekiston Respublikasining obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan hamda davlat va jamiyatning hayotiy muhim manfaatlariga jiddiy zarar yetkazadigan korrupsion huquqbuzarliklar yuzasidan tezkor qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergov harakatlarini olib borish;

davlat organlari hamda ularning mansabdor shaxslari qarorlarida korrupsiya belgilari aniqlangan hollarda ularning ijrosini to‘xtatish yoki bekor qilish to‘g‘risida bajarilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalarni kiritish;

davlat organlari hamda ularning mansabdor shaxslari korrupsiya belgilari aniqlangan qarorlarini bekor qilish to‘g‘risida sudlarga ariza kiritish;

korrupsiyaviy huquqbuzarliklar orqali topilgan mol-mulkni davlat daromadiga o‘tkazish to‘g‘risida sudlarga da’vo arizalar kiritish;

vakolati doirasida o‘rganilayotgan masalalar yuzasidan ishga aloqador shaxslarni chaqirish va tushuntirish olish;

Agentlikning taqdimnoma, ogohlantirish va so‘rovlariga vaqtida javob bermaslik yoxud e’tiborsiz qoldirish holatlari yuzasidan ma’muriy bayonnomalar tuzish;

davlat organlari, tashkilotlari va ularning mansabdor shaxslariga ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan korrupsiyaga oid huquqbuzarlikka yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida ogohlantirishlar hamda korrupsiyani keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish choralarini ko‘rish to‘g‘risida taqdimnomalar kiritish.

Agentlikning ogohlantirish, taqdimnoma, so‘rov va murojaatlari o‘n kun ichida ko‘rib chiqilishi va natijalari yuzasidan yozma axborot berilishi shart.


Maqola muallifi

Teglar

korruptsiya

Baholaganlar

83

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing