Aksilkorrupsiya agentligi Xorazmdagi tenderlar bo‘yicha prokuraturaga so‘rov kiritdi
Jamiyat
−
19 yanvar 2021
4657Avvalroq, Xorazmda viloyat hokimi o‘rinbosarining ukasiga tegishli kompaniya 20 mlrd so‘mlik davlat buyurtmasini yutgani, hokim o‘rinbosari Bahrom Qurbonov esa tender komissiyasi raisi bo‘lgani ma’lum bo‘lgandi.
Kecha, 18 yanvar kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Xorazm viloyati hokimligi yagona buyurtmachi IK tomonidan 2020 yilda o‘tkazilgan bu tender savdolarining qonunlarga mosligi o‘rganib chiqilganini ma’lum qildi.
O‘rganish natijasida aniqlanishicha, Xorazm viloyati hokimining 2020 yil 21 fevraldagi qarori bilan tender komissiyasi tarkibi tasdiqlangan bo‘lib, komissiya raisi sifatida viloyat hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari B.Qurbonov, komissiya raisi o‘rinbosari sifatida hokimlik huzuridagi yagona buyurtmachi IK direktori Q.Rahimov belgilangan.
Boshlang‘ich narxi qariyb 20,4 milliard so‘m bo‘lgan “Urganch shahridagi perinatal markazini rekonstruksiya qilish” bo‘yicha “BUNYODKOR” MCHJ, “URGANCH QURILISH BETON” MCHJ va “IRDIMZON QURILISH” xususiy korxonasi ofertalar taqdim qilgan.
2020 yil 23 iyun kungi bayonnomaga ko‘ra, “BUNYODKOR” MCHJ qariyb 20,2 milliard so‘m taklif qilgan holda tender g‘olibi bo‘lgan.
Ma’lum bo‘lishicha, 11 iyun va 23 iyun kunlari o‘tkazilgan tender savdo yig‘ilishlarida, komissiya raisi (B.Qurbonov) va uning o‘rinbosari (Q.Rahimov) aslida ishtirok etmagan bo‘lsa-da, mazkur yig‘ilish bayonnomalarini imzolab tasdiqlagan.
Shuningdek, o‘rganish jarayonida “BUNYODKOR” MCHJning ta’sischisi Ulug‘bek Sharipovich Qurbonov Xorazm viloyati hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari – tender komissiyasi raisi Bahrom Sharipovich Qurbonovning tug‘ishgan ukasi ekani tasdiqlangan.
Bu holat “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi 472-sonli qonunining 5-, 19-, 39– moddalariga zid.
Bundan tashqari, viloyat hokimligining 2020 yil 11 iyundagi farmoyishiga ko‘ra, sog‘liqni saqlash ob’ektlarini foydalanishga qabul qilish hududiy davlat komissiyasi tarkibida B.Sh.Qurbonov hududiy davlat qabul hay’ati raisi sifatida belgilangan.
“Kelgusida, Urganch shahridagi perinatal markazini rekonstruksiya qilish ob’ektida qurilish va ta’mirlash ishlari yakunlangach, mazkur ob’ektni foydalanishga qabul qilish jarayonida, turli qonunbuzilishlarning oldini olish maqsadida mazkur ob’ektni qabul qilishda B.Sh.Qurbonovni davlat qabul hay’ati raisi sifatida faoliyat yuritish masalasini ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq”, deyiladi agentlik axborotida.
Agentlik tomonidan qayd qilingan qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan viloyat hokimi o‘rinbosari B.Qurbonov, yagona buyurtmachi injiniring kompaniyasi direktori Q.Rahimov va boshqalarning xatti-harakatlari yuzasidan Xorazm viloyati hokimligiga korrupsiyani keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish choralarini ko‘rish to‘g‘risida taqdimnoma kiritilgan.
Bundan tashqari, Xorazm viloyati prokuraturasi ish yurituvidagi viloyat hokimligi yagona buyurtmachi injiniring kompaniyasi mansabdor shaxslarga nisbatan JKning 205-moddasi bilan qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilayotgan jinoyat ishi tergovi jarayonida B.Qurbonov, Q.Rahimov va boshqalarning xatti-harakatlarini tergov yo‘li bilan tekshirib, qonuniy baho berish va tergov natijalari to‘g‘risida agentlikka axborot berish yuzasidan Xorazm viloyati prokuraturasiga so‘rovnoma yuborilgan.