Korrupsiyaga qarshi kurashda eng asosiysi siyosiy iroda mavjud – Akmal Burxonov
Intervyu
−
19 fevral 2020
7865Parlament qoshida jamoatchilik maxsus komissiyasi (muvofiqlashtiruvchi guruh) tuziladi. Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashda eng asosiysi siyosiy irodaning mavjudligi muhim hisoblanadi. Xalqaro anjumanda “Yuksalish” umummilliy harakati rahbari, Qonunchilik palatasi deputati Akmal Burxonov QALAMPIR.UZ saytiga bu haqda gapirdi.
Burxonov islohotlarni amalga oshirishdagi asosiy muammolar mahalliy hududlarda kuzatilayotganini aytadi.
“Asosiy maqsad axoli farovonligini oshirishni ta’minlash hisoblanadi. Toshkentdan turib Parlament buni to‘liq amalga oshirishi qiyin. Shuning uchun ham majlisda Parlament mahalliy Kengashlar va ijro organlari bilan hamkorlik qilishi zarurligi ta’kidlandi”.
Shu bilan birga, Burxonov jamoat tashkilotlarining islohotlar ijrosi jarayonida hali to‘liq ishtiroki ta’minlamayotganini savol ostiga oladi.
“Eng katta tavsiya bu – Parlament huzurida jamoatchilik maxsus komissiyasi (muvofiqlashtiruvchi guruh) tuzilib, har oyda u Murojaatnoma, davlat Dasturida belgilangan vazifalarning joylardagi monitoringini o‘rganadi.
Ikkinchisi, jamoat tashkilotlari bilan mahalliy Kengashlar hamkorlikda guruhlar tuzgan holda, har oy davlat dasturlarining hududlarda amalga oshirilishining monitoringini o‘rganadi. Vaqti-vaqti bilan buning tahlillari Senatga taqdim etilishining mexanizmlari ishlab chiqiladi”, deydi “Yuksalish” umummilliy harakati rahbari.
Akmal Burxanov QALAMPIR.UZ muxbirining davlat korrupsiyaga qarshi kurashda qaysi yo‘nalishdan borishi lozim ekani va amaldorlarning o‘zi korrupsiyaga qarshi kurashishga qay darajada tayyor ekani haqidagi savoliga quyidagicha javob berdi.
“Hozirda eng asosiysi, siyosiy iroda mavjud. Korrupsiyaga qarshi kurashish og‘izdan qog‘ozga, qog‘ozdan amaliyotga o‘tishni boshlayapti. Siyosiy iroda borligi deganda, davlat Prezident, Parlament, Hukumat darajasida korrupsiyaga qarshi kurashishga tayyor ekani tushuniladi”, deydi deputat.
Hozirgi kunda O‘zbekistondagi eng asosiy muammo korrupsiyaga qarshi kurashish hisoblanadi. Prezident bunga qarshi kurashishda alohida tashkilot tuzilishini aytgandi. Sal avval Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov davlat xizmatchilarining daromadlari va xarajatlarini deklaratsiyalash masalasida hujjat ishlab chiqilgani va bu borada vazirlik boshqa mas’ul tashkilotlar bilan kelishish jarayonida ekanini ma’lum qildi.
Mantiqan olib qaraydigan bo‘lsak, bu hujjat qabul qilinishidan avval davlat xizmatchilari to‘g‘risidagi normativ-huquqiy hujjat qabul qilinishi lozim. Unda davlat xizmatchilari kimlar degan va boshqa savollarga javob berilishi zarur. Qonunchilikda bunday hujjat mavjud emas. Demak, Parlament va boshqa tashkilotlar tezroq ushbu hujjat ustida ishlashi maqsadga muvofiq bo‘lardi. Bo‘lmasa, Prezident aytgan alohida tuzilma tashkil etilishi kechikaveradi.
LiveBarchasi