Korrupsiya masalasida Qurilish vazirligi tizimida suiiste’molchiliklar kuzatilmoqda – Yo‘ldoshev

Jamiyat

image

Avval xabar berganimizdek, ayni paytda Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev boshchiligida korrupsiya holatlari bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda.

Bosh prokuror mazkur yig‘ilishda qurilish sohasi korrupsiyalashgan sohalardan biri bo‘lib qolayotganligini alohida ta’kidladi. Bu haqda Qalampir.uz muxbiri Feruza Najmiddinova xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, qurilish sohasida so‘nggi ikki yilda 1.233 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Qurilish uchun yer ajratish, tanlov va tender o‘tkazish, shaharsozlik hujjatlarini rasmiylashtirish, muhandislik - kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish jarayonlarida korrupsiya ko‘plab kuzatilmoqda.

“Misol uchun, Navbahor tuman hokimining 1 - o‘rinbosari X. “Konimex baliqchi” jamiyati rahbari A.dan baliqchilik havzasiga kollektor qazilishiga ruxsat berishi evaziga 11 ming dollar olganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Byudjetdan moliyalashtiriladigan qurilish ishlari uchun pudratchilarni tanish - bilishchilik yoki pora evaziga tanlab olish kabi korrupsiyaviy amaliyot kuzatilmoqda.

“Suvoqova” korxonasi Qashqadaryo viloyati boshqarmasi mutaxassisi N. “Diyorbek Uchqun” korxonasi rahbari B.ga tanishlari orqali qurilish ob’ekti olib berish evaziga 14 ming dollar berishni talab qilib, 9 ming dollar olganda qo‘lga olingan”, dedi Bosh prokuror.

Bu sohada davlat boshqaruvi va nazoratiga mas’ul Qurilish vazirligi tizimida ham suiiste’molchiliklar kuzatilayotganligi alohida ta’kidlandi.

“Misol uchun, Toshkent shahar hokimligining kapital qurilish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari A. va Chilonzor tuman hokimiyati bo‘limi boshlig‘i Sh. “Max Saodat” jamiyatiga ko‘p qavatli uy - joy qurish uchun Chilonzor tumanidan 1 gektar yer ajratish evaziga 1 mln. 400 ming dollar talab qilib, 50 ming dollarni olgan vaqtda ushlangan”, dedi Nig‘matilla Yo‘ldoshev.


Maqola muallifi

Teglar

korruptsiya prokuratura vazirlik

Baholaganlar

72

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing