Korrupsiya haqidagi anonim murojaatlar ham ko‘rib chiqiladi
Jamiyat
−
19 dekabr 2020
6660“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e’lon qilindi. Unda korrupsiya haqidagi anonim murojaatlar ham ko‘rib chiqilishi haqida ma’lumotlar mavjud.
Tahlillarga ko‘ra, 2018-2020 yillarda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga 90 ta, Ichki ishlar vazirligiga esa 106 ta jinoyatga, shu jumladan korrupsiyaga oid ma’lumotlar bo‘lgan anonim murojaatlar kelib tushgan. Milliy qonunchilikda bunday murojaatlarni ko‘rib chiqish hamda bu jarayonda aniqlangan qonunbuzilishlarga nisbatan choralar ko‘rish tartibiga doir huquqiy asoslar yaratilmaganli o‘z vaqtida jinoyatlarni fosh etish imkonini bermayapti.
Ma’lum qilinishicha, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish hamda jamiyatda qonuniylikni ta’minlash maqsadida yuqoridagi qoidadan farqli o‘laroq, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi, prokurorga sodir etilgan, sodir etilayotgan yoki tayyorlanayotgan jinoyatlar to‘g‘risida ma’lumotlar mavjud bo‘lgan anonim murojaatni ko‘rib chiqish chog‘ida jinoyatga oid ma’lumotlar aniqlanganida, Jinoyat potsessual kodeksining 330-moddasida ko‘rsatilgan qarorlarning birini qabul qilish vakolati berilmoqda.
Xabarga ko‘ra, ushbu taklif etilayotgan qoidalar xorijiy davlatlar, xususan, Armaniston, Avstriya, Gruziya, AQSH, Kanada, Avstraliya, Ukraina va Serbiya kabi davlatlarning qonunchiligida ham uchraydi.
Ushbu o‘zgartishlar kiritilgach, jinoyat ishi qo‘zg‘atilishiga jinoyatga oid ma’lumotlar mavjud bo‘lgan anonim murojaatni ko‘rib chiqqan xodimning jinoyat alomatlari aniqlangani haqidagi bildirgisi sabab bo‘ladi, bu esa, Jinoyat potsessual kodeksining 323-moddasiga zid hisoblanmaydi.
LiveBarchasi