Korrupsiya haqida axborot beruvchilarning ma’lumotlari davlat siriga tenglashtiriladi

Jamiyat

image

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishga oid loyiha joylashtirildi.

Loyihada korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida axborot berayotganlarning ijtimoiy-huquqiy himoyasini kuchaytirish taklif qilinmoqda.

Unga ko‘ra, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunning 28-moddasini quyidagi tahrirda bayon etish taklif qilinyapti:

“Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida axborot berayotgan shaxslarning shaxsi sir saqlanishi, o‘zining, shuningdek yaqin qarindoshlarining ijtimoiy-huquqiy himoya qilinishi davlat tomonidan kafolatlanadi.

Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida axborot berayotgan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar davlat sirini tashkil etadi va oshkor qilinishi mumkin emas. Qonunda belgilangan cheklashlar bundan mustasno.

Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida axborot berayotgan shaxslarga, shuningdek ularning yaqin qarindoshlariga zo‘rlik ishlatish yoki mol-mulkini yo‘q qilish bilan haqiqatda tahdid qilinayotganligidan dalolat beruvchi yetarli ma’lumotlar mavjud bo‘lgan taqdirda, korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini amalga oshiruvchi organlar ularning hayoti, sog‘lig‘i, sha’ni, qadr-qimmati va mol-mulkini himoya qilish yuzasidan zarur choralar ko‘rishi shart.

Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida axborot berayotgan shaxslarga va ularning yaqin qarindoshlariga ularning korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida axborot taqdim etganligi tufayli tajovuz qilish qonun hujjatlarida belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida axborot berayotgan shaxslarni rag‘batlantirish Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Ushbu moddaning qoidalari korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida bila turib yolg‘on axborot bergan shaxslarga nisbatan tatbiq etilmaydi, ular qonunga muvofiq javobgar bo‘ladi”.

Loyiha 2021 yilning 8 yanvarigacha muhokama qilinadi.


Maqola muallifi

Teglar

korruptsiya

Baholaganlar

84

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing