Koronavirusning yangi turi O‘zbekiston chegarasiga tobora yaqinlashyapti
Olam
−
04 yanvar 2021
63079Koronavirusning yangi Buyuk Britaniyada aniqlangan yanada yuqumliroq ekani aytilayotgan shtammi O‘zbekiston chegaralariga tobora yaqinlashyapti. Bir necha kun oldin Turkiyaga kirib borgan "britancha" shtamm, endilikda Kavkazortida ham aniqlandi.
Gruziyalik shifokorlar mamlakatda ilk bor koronavirusning Buyuk Britaniyada paydo bo‘lgan turini aniqlashdi. Bu haqda Gruziya Sog‘liqni saqlash vazirligi Kasalliklarni nazorat qilish va jamoat salomatligi milliy markazi matbuot xizmati xabar berdi.
“Biz uchta shubhali holatni o‘rgandik. Ikkita holatda yangi shtamm aniqlanmadi, biroq uchinchisida, dekabr o‘rtalarida olingan namunalarda “britancha” shtammga xos S mutatsiya irsiyati aniqlandi”, deyiladi xabarda.
Tashkilot ma’lumotiga ko‘ra, bemor 50 yoshdan oshgan erkak kishi. Uning ahvoli qoniqarli. U izolyatsiyaga olingan va u bilan aloqada bo‘lganlar aniqlangan.
Ma’lumot uchun, bugungi kunda Gruziyada 229 763 kishida koronavirus aniqlangan. 222 405 nafar bemor sog‘aygan va 2 628 nafari vafot etgan.
Avvalroq, koronavirusning yangi turi sentyabr oyida Buyuk Britaniyada paydo bo‘lib, noyabr oyining o‘rtalarida faol tarqalishni boshlagani haqida xabar bergan edik. Buyuk Britaniyada koronavirusning yangi turi aniqlanganidan so‘ng, 20 dan ortiq davlat ushbu mamlakat bilan transport aloqalarini to‘xtatdi.
Yo‘lovchi tashishni taqiqlash qaysidir davlatda yil oxirigacha, qayerdadir yanvar oxirigacha amal qiladi. Buyuk Britaniyaning o‘zida karantin cheklovlari maksimal darajaga ko‘tarildi.
LiveBarchasi