Koronavirusning Xitoy iqtisodiyotiga ta’siri baholandi
Olam
−
24 fevral 2020
10764Xitoyda paydo bo‘lgan COVID-19 koronavirusining mamlakat iqtisodiyotiga ta’siri qay darajada bo‘lishiga baho berildi. Xitoy Xalq Respublikasi Rivojlanish va islohotlar bo‘yicha davlat qo‘mitasi kotibi Sun Lyan koronavirus epidemiyasining Xitoy iqtisodiga ta’siri qisqa muddatli bo‘lib, uning uzoq istiqboliga daxl qlmasligini ma’lum qildi.
“Ta’kidlash kerakki, bu epidemiyaning ijtimoiy-iqtisodiy ta’siri qisqa muddatli bo‘lib, uni nazorat qilish mumkin va mamlakat iqtisodining uzoq istiqboldagi rivojlanish yo‘lini o‘zgartirmaydi”, degan Lyan.
U epidemiyani profilaktika qilish bo‘yicha choralar samara bera boshlaganini, hukumatda epidemiyaning iqtisodiyotga ta’sirini kamaytirish va mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy barqaror rivojlanishini ta’minlash uchun ishonch, resurs va sharoit yetarli ekanini qo‘shimcha qildi.
Shu bilan birga, Sun Lyan epidemiya iqtisodiyotga yetarlicha kuchli zarba berganini tan oldi. Virus yangi yil ta’tillari vaqtida ist’emol bozori va unga aloqador xizmatlarga sezilarli ta’sir qilganini aytdi. Umumiy olganda epidemiya asosan Xitoydagi o‘rta va kichik tadbirkorlikka zarar yetkazdi.
Jahon valyuta jamg‘armasi koronavirus epidemiyasi tezda bartaraf etilsa, u 2020 yildagi Xitoy yalpi ichki mahsuloti o‘sishiga katta ta’sir qilmasligini aytdi.
Yangi koronavirus
Xitoyning Xubey provinsiyasi markazi Uxan shahrida o‘tgan yilning dekabr oyi o‘rtalarida yangi virus paydo bo‘ldi. Xitoy Hukumati 31 dekabr kuni Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotini mamlakatda epidemiya boshlangani haqida ogohlantirdi.
Koronavirus bilan kasallanganlar hozircha Xitoydan tashqari 30 davlat – Yaponiya, Tailand, Singapur, Janubiy Koreya, Gonkong, Avstraliya, Tayvan, Makao, Malayziya, AQSH, Germaniya, Vetnam, Fransiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Kanada, Filippin, Buyuk Britaniya, Rossiya, Italiya, Hindiston, Finlyandiya, Shvetsiya, Shri-Lanka, Kamboja, Nepal, Ispaniya, Belgiya, Livan, Misr, Eron, Isroil va Iroqda aniqlandi.
Virusdan bugungacha 2619 kishi halok bo‘ldi, 79 561 kishi u bilan kasallandi. JSST yangi koronavirusning dunyoga tarqalishi sababli Jamoat sog‘lig‘i uchun xalqaro xavotirga molik favqulodda vaziyat joriy qildi. Bu insoniyat sog‘lig‘i uchun jiddiy xavf tug‘ilganda e’lon qilinadigan rasmiy maqom hisoblanadi. JSST yangi koronavirusga rasman nom berdi va u COVID-2019 deb ataldi.
Koronavirus bugungacha qurbonlar soni bo‘yicha 2002 yildagi atipik pnevmoniya (SARS) va 2012 yildan beri Yaqin Sharq respirator sindromini (MERS-CoV) ortda qoldirdi. SARS`dan 8096 nafar odam kasallangan, shulardan 774 nafari (o‘lim darajasi 9,6 foiz) halok bo‘lgan. MERS-CoV virusidan 2494 nafar odam kasallanib, ularning 858 (o‘lim darajasi 34,4 foiz) nafari qurbon bo‘lgan.
LiveBarchasi