Koronavirusga qarshi kurashgan o‘zbekistonlik shifokorlarga ko‘krak nishoni berildi
Jamiyat
−
06 mart 2020
14344Koronavirus infeksiyasi tufayli xorijiy davlatlarda kuzatilayotgan bugungi murakkab epidemiologik vaziyatda ushbu kasallik o‘chog‘iga borib, o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib, o‘zbekistonliklarni olib kelgan fidoyi tibbiyot xodimlari SSV rahbari Alisher Shodmonov tomonidan taqdirlandi.
Marosim bugun, 6 mart kuni Sog‘liqni saqlash vazirligida bo‘lib o‘tdi. Unda o‘z mehnati bilan tibbiyot tizimida alohida faollik ko‘rsatib, o‘z kasbini ulug‘lab kelayotgan bir guruh xotin-qizlar ishtirok etdi.
Karantinda bo‘lgan fuqarolarga tibbiy xizmat ko‘rsatish, shuningdek, koronavirus infeksiyasining O‘zbekistonga kirib kelishi va tarqalishining oldini olishda, tezkor profilaktik chora-tadbirlar ko‘rishda alohida faollik ko‘rsatgan bir guruh shifokor ayollarga “O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash a’lochisi” ko‘krak nishoni topshirildi.
Ma’lumot o‘rnida, bugungi kunda O‘zbekistonda ilm-fan, ta’lim-tarbiya, sog‘liqni saqlash, madaniyat va san’at sohalarida mehnat qilayotganlarning 72 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Xususan, sog‘liqni saqlash tizimida ishlayotgan mutaxassislarning 75 foizi xotin-qizlardan iborat. Mamlakatda tibbiyot sohasida faoliyat yuritayotgan ayollar O‘zbekiston Qahramonlari, Senat a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, akademiklar, fan doktorlari va nomzodlari, shuningdek, mahalliy Kengash deputatlari va tuman hokimlari ham bor.
LiveBarchasi