Koronavirusga qarshi kurashga ajratilgan pullar talon-taroj qilingan – Norboyeva

Jamiyat

image

Avval xabar berganimizdek, bugun, 7 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 6-yalpi majlisi o‘z ishini boshladi. Unda Senat raisi Tanzila Norboyeva o‘z nutqini koronavirusga qarshi kurash tadbirlari uchun ajratilgan mablag‘lar talon-taroj qilinayotganidan boshladi. 

“Koronavirusga qarshi kurash tadbirlari uchun ajratilayotgan mablag‘lar, aniqrog‘i, Inqirozga qarshi kurash jamg‘armasi mablag‘lari talon-taroj qilinayotgani bizni tashvishlantirmoqda. Xususan Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy Namangan viloyatlarida sanitariya-epidemiologiya xizmati mutasaddilari tomonidan umumiy hisobda jamg‘armaning 1 milliarld 750 million so‘mdan ziyod mablag‘i talon-taroj qilingani masalaga jiddiy e’tibor qaratishni taqozo etadi. 

Davlatimiz rahbari tomonidan xalqimiz salomatligini asrash, inqirozdan imkon qadar tezroq, talafotlarsiz chiqib ketish uchun ne-ne mashaqqatlar bilan mablag‘lar jalb etilayotgan bir sharoitda, o‘z nafsining quliga aylangan ayrim kaltabin mansabdorlar tomonidan korrupsiyaga qo‘l urilayotganini hech qaysi yo‘l bilan oqlab bo‘lmaydi. Yuqoridagi kamchiliklarni bartaraf etishga biz ham birdek mas’ulmiz. Buni xato-kamchilik deb bo‘lmaydi, buni jinoyat deb aytish kerak. Nazoratni qattiq olib borishimiz, ijro organlariga qat’iy talablarni qo‘yishimiz kerak. 

Yaqinda katta umidlar bilan tashkil etilgan korrupsiyaga qarshi kurash agentligi bu borada o‘rganishlar, tahlillar olib borib, tizimda korrupsiyaga olib keluvchi sabab va omillarni bartaraf etish bo‘yicha asosli takliflar bilan chiqishi kerak”, deydi Tanzila Norboyeva. 

Senat raisi senatorlar va tegishli qo‘mitalar oldiga qonunlarni qayta ko‘rib chiqish, ayniqsa, ta’lim, sog‘liqni saqlash sohalarida korrupsiyaning vujudga kelishiga sabab bo‘luvchi omillarni bartaraf etish, qonunchilikni qayta inventarizatsiyadan o‘tkazish talabini qo‘ydi. Senat raisiga ko‘ra, bundan buyon korrupsiyaga qarshi kurash murosasiz bo‘ladi. 


Maqola muallifi

Teglar

Tanzila Norboeva

Baholaganlar

275

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing