Koronavirusga chalingan 4 kishining ahvoli og‘ir
Jamiyat
−
25 mart 2020
28220O‘zbekistonda COVID-19 koronavirus infeksiyasini yuqtirib olgan bemorlarning 4 nafari og‘ir ahvolda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov ma’lum qildi.
“13 nafar bemorda o‘pka yallig‘lanishi, pnevmaniya alomatlari kuzatilyapti. Bemorlarning 4 nafarining ahvoli og‘ir deb baholanyapti. Ularga intensiv terapiya muolajalari o‘tkazilyapti”, dedi Nurmat Otabekov.
Respublika bo‘yicha jami 20 mingdan ortiq aholi qat’iy karantin ostida.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtda ushbu virusni yuqtirib olganlar 55 nafarga yetdi.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor