Koronavirusdan shifo topayotgan Xitoy, Isroil raketalarini qaytargan Suriya – voqea-hodisalar dayjesti

Bu qiziq

image

Jahon yangiliklari

Xitoy. Mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusga oid yangi ma’lumotlarni taqdim etdi. Unga ko‘ra, Xitoyda ushbu infeksiyaga yo‘liqqanlarning 65 foizi, ya’ni bemorlarning uchdan ikki qismi shifo topgan. Aniq ma’lumotlarga ko‘ra, ayni damda mamlakatda 80 409 nafar koronavirusga chalingan odam bor. 52 045 kishi shifo topdi. 3012 kishi undan vafot etdi.

AQSH. Qo‘shma Shtatlar va Fransiya Prezidentlari Donald Tramp hamda Emmanuel Makron telefon orqali muloqot qildi. Suhbat davomida Suriyaning shimoli-g‘arbidagi vaziyat va Eronning yadroviy harakatlari muhokama etildi. Ular, shuningdek, dunyoga xavf solayotgan koronavirusga qarshi hamkorlikda kurashish masalasida ham so‘z yuritgan.

Iroq. Mamlakat poytaxti Bag‘dodda ikkinchi bemor koronavirus qurboni bo‘ldi. Bu haqda Iroq SSV ma’lum qilgan. Vafot etgan shaxs 65 yoshda bo‘lgan. Birinchi qurbon Iroq Kurdistonining Sulaymoniya shahrida yashovchi 70 yashar shaxs bo‘lgan. Keyinchalik mamlakat SSV uni koronavirusdan vafot etgani aniq emasligini ma’lum qilgandi.

Suriya. Mamlakat havo hujumiga qarshi mudofaa tizimi Isroil tomonidan uyushtirilgan raketalar hujumini muvaffaqiyatli qaytardi. Ma’lumotlarga ko‘ra, hujum Xoms va Kuneytra provinsiyalariga qilingan. Suriya davlat televideniyesi xabariga ko‘ra, Isroil hujumni okkupatsiya qilingan Golan tepaliklaridan uyushtirgan. Isroil tomonidan 12 ta raketa otilgan, ammo ularning barchasi qaytarilgan.

Meksika. Mexiko shtati hukumati mahalliy ranchodan qochib ketgan va bir nafar odamni o‘ldirgan sher tufayli Vale-de-Bravo shahridagi boshlang‘ich va o‘rta maktablarining ishlashini to‘xtatdi. Yirtqichni qidirish ishlari 1 martdan boshlab yuborilgan edi. Ammo u hali topilmadi. Qidiruv ishlariga flot kuchlari, shtat politsiyasi va shahar komissariati vakillari jalb etilgan.

Misr. Mamlakat tashqi ishlar vaziri Sameh Shukriy kecha, 4 mart kuni Arab davlatlari ligasi (ADL) tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida Anqarani Liviya va Suriyadagi vaziyatni beqarorlashtirishda va ushbu mamlakatlarda terrorchilarni qo‘llab-quvvatlashda aybladi. Sameh Shukriy uchrashuvdagi nutqi davomida "Turkiyaning Liviyaga harbiy aralashuvi va u yerga minglab chet ellik terrorchi jangarilarning tashlanishi tufayli mamlakatda tanglik kuchayganini" ta’kidlab o‘tdi.

Ukraina. Mamlakat Oliy radasi kecha, 4 mart kuni favqulodda yig‘ilish o‘tkazdi. Unda yangi bosh vazir tayinlandi va hukumat tarkibi yangilandi. Parlament Bosh vazir Aleksey Goncharukning iste’fosini qabul qildi. Uning o‘rnini sobiq bosh vazirning jamoatchilik va hududlarni rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosari Denis Shmigal egalladi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Goncharukning iste’fosi masalasini muhokama qilish chog‘ida hukumat ko‘p xatolarga yo‘l qo‘yganini, ammo ularni tan olishga va tuzatishga tayyor ekanligini ta’kidladi. U Goncharuk hukumatini korrupsiyaga yo‘l qo‘ymagani uchun maqtadi.

O‘zbekiston xabarlari

Buxoro viloyatidagi Gazli neft gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli “G‘arbiy Xakkul” gazkondensat konidagi 8-sonli quduqda to‘la ta’mirlash ishlari olib borildi. Endilikda 2620-2627 metr intervallar oralig‘ida perforatsiya ishlari o‘tkazilishi natijasida quduqdan bir sutkada 60-70 ming kub metrgacha sanoat miqyosida tabiiy gaz olinmoqda. 

2020 yil, 2 martdan boshlab Koreya Respublikasi hududida bo‘lib turgan o‘zbekistonliklarni tezkor xabardor qilish uchun O‘zbekistonning Seul shahridagi Elchixonasi Telegram’da o‘zining rasmiy kanalini ochdi. Elchixona diplomatik vakolatxona huzuridagi Operativ shtab a’zolari bilan aloqaga chiqish ma’lumotlarini (mobil telefonlar raqamlari) e’lon qildi.

Futbol xabarlari

Angliya Kubogi. Musobaqaning 1/8 finali navbatdagi bahslari bo‘lib o‘tdi. Unda quyidagi natijalar qayd etildi:

“Sheffild Uensdey” – “Manchester Siti” 0:1
“Lester” – “Birmingem” 1:0
“Tottenhem” – “Norvich” 1:1 (Penaltilar seriyasi: 2:3)

Germaniya Kubogi. Musobaqaning 1/4 finalida “Bayer” o‘z uyida “Union” qabul qilib, 3:1 hisobidagi g‘alabaga erishdi. Yana bir uchrashuvda “Ayntraxt” “Verder” darvozasiga javobsiz 2 ta gol yo‘lladi. Ushbu jamolardan tashqari, “Bavariya” va “Saarbryuken” klublari ham yarimfinal yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Ispaniya Kubogi. Musobaqa yarimfinali javob bahsida “Real Sosedad” safarda “Mirandes”ni minimal hisobda mag‘lub etib, ilk finalchiga aylandi. Uchrashuvda 0:1 hisobi qayd etildi.


Maqola muallifi

Teglar

dayjest

Baholaganlar

76

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing