Koronavirus: Toshkentning har bir tumanida qo‘shimcha poliklinikalar tashkil etildi

Jamiyat

image

Poytaxt Toshkentning 11 ta tumanida bittadan maxsus poliklinikalar tashkil etildi. Bu haqda Sog‘likni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Qayd etilishicha, koronavirusga gumon qilingan hamda infeksiya tasdiqlangan bemorlarga birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini ko‘rsatish, zarur laborator hamda instrumental tekshiruvlar o‘tkazib, ularga ambulator davolashni yo‘lga qo‘yish maqsadida poytaxtning 11 ta tumanida bittadan maxsus poliklinikalar tashkil etilgan. Ushbu poliklinikalar kunu tun xizmat ko‘rsatishi belgilangan bo‘lib, har bir markazga 3 tadan tibbiy brigada biriktirilgan va ular tarkibidan 2 nafar shifokor hamda 2 nafar o‘rta tibbiyot xodimi o‘rin olgan.

Ma’lum qilinishicha,  bemorlarga shoshilinch tibbiy  yordam ko‘rsatish maqsadida ushbu poliklinikalar rentgen, kislorod kondensatorlari, pulsoksimetr, zarur dori-darmonlar, sarflov materiallari, dezinfeksiyalovchi eritma va reaktivlar, shuningdek maxsus tibbiyot vositalari bilan ta’minlangan.

Ta’kidlash lozimki, ayni paytda poytaxtdagi barcha oilaviy poliklinikalar ushbu poliklinikalar bilan integratsiya asosida faoliyat yuritayotgan bo‘lib, u yerga koronavirus infeksiyasiga gumondor hamda infeksiya tasdiqlangan shaxslar oilaviy poliklinikalar yo‘llanmasi va “103” xizmati  orqali yoki o‘zlari mustaqil ravishda ham murojaat qilishlari mumkin.

Agar tez tibbiy yordam xizmatiga murojaat qilgan fuqaroning shikoyatlariga ko‘ra, unda koronavirus kasalligi gumon qilinsa, bemorga o‘zi yashaydigan tumandagi maxsus poliklinikaga borish tavsiya etiladi. Biroq uning holat va imkoniyati bunga monelik qilsa, bemorning uy manzili yozib olinadi va u haqidagi ma’lumot maxsus poliklinikaga taqdim etiladi. So‘ng, bemor maxsus poliklinika uchun ajratilgan avtotransport vositasi yordamida u yerga olib kelinadi va belgilangan standartlar bo‘yicha tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatiladi.   

Murojaat qilganlar orasida COVID-19 infeksiyasi tasdiqlanmagan bemorlar bo‘lsa, ulardan kerakli tahlillar olinadi va tezkor ravishda hududiy sanitariya xizmati laboratoriyalariga yetkaziladi. 

Eslatib o‘tamiz, Toshkentda, shuningdek, aholini mobil avtobusda emlash yo‘lga qo‘yilgan. 

Joriy yilning 5 iyuliga qadar Toshkent shahar hokimligi tashabbusi bilan  “O‘zekspomarkaz”ning 1 va 2 pavilonlarida hamda “Yoshlik” sport majmuasida jami 2070 o‘rinlik koronavirus bemorlarini davolash va taqsimlash markazlari qayta ish boshladi.


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus

Baholaganlar

68

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing