Koronavirus xavfi: Burxonov favqulodda holat e’lon qilish va armiyani ishga solishni taklif qilyapti
Jamiyat
−
23 mart 2020
25520COVID-19 koronavirus infeksiyasi haqida xabarlar jang maydonlaridagi xabarlarga o‘xshab ketmoqda. Jon Xopkins universitetining interfaol xaritasiga ko‘ra, dunyoning 170 dan ortiq mamlakatida qariyb 340 ming kishi ushbu kasallikka chalinib ulgurishgan.
“Yuksalish” umummilliy harakati rahbari Akmal Burxonov O‘zbekistonda koronavirus tarqalishining oldini olish uchun qilinayotgani ishlar haqida fikr bildirdi va qator qo‘shimcha choralarni qo‘llashni taklif qildi.
“O‘zbekistonda birinchi holat 15 mart kuni aniqlandi. 23 mart holatiga ko‘ra, ushbu infeksiyani yuqtirganlar soni 46 nafarga yetdi. Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda. Prezidentimizning “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz fenomenining iqtisodiy sohaga ta’sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori bilan 10 trln. so‘m miqdoridagi mablag‘ bilan Inqirozga qarshi jamg‘arma tashkil etildi va Inqirozga qarshi Respublika komissiyasini tuzildi.
Shuningdek, barcha o‘quv muassasalarida karantin joriy etildi, respublika aholisiga zaruriyatsiz uydan chiqmaslik tavsiya etildi, ko‘chalar va jamoat joylarida niqob taqib yurish majburiyligi belgilandi, xorijiy davlatlar bilan havo va avtomobil tashishlar cheklandi, chegara o‘tkazish punktlari yopildi. 23 martdan boshlab esa, poytaxtimizdagi barcha korxona va muassasalar, asosiy faoliyatini olib borishni saqlab qolgan holda, xodimlarni mehnat ta’tiliga yoki masofadan turib ishlash rejimiga o‘tkazishlari tavsiya etildi. Ishlashni davom ettiradiganlar uchun esa ish paytida niqob kiyib yurishlari shartligi belgilandi Qoidabuzarlarga esa intizomiy jazo choralari qo‘llanilishi ko‘rsatib o‘tildi.
Bundan tashqari, so‘nggi kunlarda chet eldan kelgan va kasallikni yuqtirgan fuqarolar bilan aloqada bo‘lgan shaxslarni izolyatsiya qilish va karantin holatida ushlab turish uchun barcha profilaktika muassasalari va sanitariya-epidemiologiya nazorati organlari safarbar qilindi, shifokorlar esa kasalxonalarda 24 soat navbatchilik qilishmoqda.
Bunday vaziyatda karantin rejimidan qochishga uringan fuqarolarimizning hatti-harakatlarini tushunish juda qiyin. Ular bu harakatlari bilan nafaqat o‘zlarini, balki qarindoshlari va do‘stlarini, atrofdagilarni xavf ostiga qo‘ymoqdalar. Shuni ta’kidlash joizki, bunday harakatlar uchun qonunchiligimizda jinoiy javobgarlikka tortish choralari nazarda tutilgan.
Ta’kidlash joizki, karantin choralari kasallikning keskin o‘sib ketishining oldini olishga, shuningdek, tibbiy yordamga muhtoj odamlarning sog‘liqni saqlash tizimi imkoniyatlaridan to‘laqonli foydalana olishlari uchun imkon yaratadi. Karantinga rioya qilmaslik - immuniteti pasaygan, surunkali kasalliklarga chalingan odamlarga "o‘lim jazosi" berilishiga olib keladi. Chunki siz yoki inkubatsiya davrida yuqtirgan insonlaringiz sog‘liqni saqlash tizimining resurslarini, shifokorlar vaqtini, qutqarish uchun yuborilishi mumkin bo‘lgan zarur jihozlarni va vositalarni oladilar.
Masalan, Xitoyning Uxan shahrida karantinning qat’iy rejimi joriy qilinishi ushbu infeksiyaning yanada tarqalib ketmasligini ta’minlashda samarali yechim bo‘ldi. 23 yanvar kuni mazkur karantin rejimi joriy etilgandan so‘ng, yangi infeksiyalar sonining eksponensial o‘sishi to‘xtadi, ya’ni infeksiyaning tarqalishi karantin joriy etilgandan so‘ng darhol pasaya boshladi. Xozirgi kunda, Xitoyda kasallikning yangi holatlari deyarli qayd etilmayapti, uning chegarasidan tashqarida esa, bu son kun sayin bir necha mingga oshib bormoqda.
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, odamlar “ijtimoiy masofa”, ya’ni jamoat joylarida harakatlanishni cheklashsa, virus tarqalishi sekinlashishi mumkin. Agar fuqarolar kamroq harakat qilsalar va kamroq o‘zaro aloqa qilsalar, virus tarqalish ehtimoli kamroq bo‘ladi”, deydi Akmal Burxonov.
Harakat yetakchisi O‘zbekistonda ushbu kasallikning yanada ko‘payishining oldini olish uchun va karantin rejimini kuchaytirishga qaratilgan yana bir qator keskin choralarning ko‘rilishi maqsadga muvofiqligini ta’kidlab o‘tgan. Xususan:
• Mamlakatda koronavirus infeksiyasining tarqalishi munosabati bilan favqulodda holat joriy etish (eksperiment tariqasida Toshkent shahri va Toshkent viloyatida);
• Karantin qoidalariga rioya etilishi ustidan tegishli nazorat olib borishga tayyor armiyaning qisman safarbar etilishi;
• Respublika bo‘ylab shahar va tumanlar o‘rtasida temir yo‘l, havo, avtobus va avtomobil yo‘lovchilar tashishni cheklash;
• Viloyatlarda, ayniqsa mamlakatning chekka hududlarida ko‘chma (mobil) punktlar va laboratoriyalarni tashkil etish, ularda koronavirusni aniqlash uchun portativ ekspress-testlar o‘tkazish;
• COVID-19 uchun sinovlarni tezkor o‘tkazish va ushbu test jihozlari importini amalga oshirishda xususiy sektorni davlat tomonidan rag‘batlantirish;
• Barcha tashkilotlar va muassasalarda, jamoat joylari (transport, dam olish joylari, savdo markazlari, bozorlar, yoqilg‘i quyish shahobchalari, ko‘p qavatli binolarga kirish joylari) da bepul dezifenksiyalash ishlarini olib borish;
• Alohida korxona va tashkilotlarni zarur mahsulotlarni ishlab chiqarishga moslashtirish, masalan, shaxsiy himoya vositalari (niqoblar, respirator va boshqalar), antiseptiklar, dorilar va uskunalar (mexanik shamollatish apparatlari);
• Respublika bo‘ylab (ayniqsa, chekka hududlarda) tibbiy preparatlar va buyumlar, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa zarur tovarlarga buyurtma beradigan masofaviy xizmatlar ko‘rsatish tizimi imkoniyatlarini kengaytirish;
Eslatib ўтамиз, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtda ushbu virusni yuqtirib olganlar 46 nafarga yetdi.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor
LiveBarchasi