Koronavirus: qurbonlar soni 5400 dan oshdi. Italiya ko‘chalari bo‘shab qoldi
Olam
−
14 mart 2020
8226Dunyo bo‘ylab yoyilgan COVID-19 koronavirusi Yevropada tez sur’atda tarqalib boryapti. Bugun, 14 mart kuni dunyo bo‘yicha koronavirusga chalinganlar soni 145 810 nafarga yetdi. Ammo koronavirusni yangi yuqtirib olganlar asosan Xitoydan tashqarida qayd etildi.
Xususan, Xitoyda virusga chalinish holati 13 taga ortgan bo‘lsa, Italiyada 2547, Eronda 1289, Janubiy Koreyada 217, Ispaniyada 2086, Germaniyada 930, Fransiyada 785, AQSHda 769 nafar kishida koronavirus aniqlangan.
COVID-19 virusidan halok bo‘lganlar soni 5436 nafarga yetdi. Bir kechada virusdan Xitoyda 13 kishi, Italiyada 250 kishi, Eronda 85 kishi, Janubiy Koreyada 6 kishi, Ispaniyada 47 kishi, Germaniyada 2 kishi, Fransiyada 18 kishi, AQSHda 9 kishi halok bo‘lgan. Koronavirus keng tarqalmagan boshqa davlatlarda ham o‘limlar qayd etilgan.
Koronavirusdan forig‘ bo‘lganlar soni 72 531 nafarga yetdi. 6082 kishi hamon og‘ir ahvolda qolmoqda. Koronavirus Urugvay, Gvatemala, Mavritaniya, Surinamaga kirib bordi. Shu tariqa koronavirus aniqlangan mamlakatlar soni 145 nafarga yetdi.
Gvatemala mamlakatga kanadaliklarning kirishini taqiqladi. Polsha esa nafaqat chegarasi, balki umumiy ovqatlanish joylarini ham yopib qo‘ydi.
Tunis dengiz chegaralarini yopdi va Italiyaga parvozlarni bekor qildi. Vengriya maktablarni yopdi, Braziliya kruizlarning harakatini taqiqladi. Daniya esa uzrli sabablarsiz kelganlarni mamlakatga kiritmay qo‘ydi.
Ispaniyaning Kataloniya muxtoriyati esa o‘zini izolyatsiya qildi, tashqi olam bilan dengiz va havo aloqalari to‘xtatildi. Madridda esa mehmonxonalar bo‘shab qoldi.
LiveBarchasi