Koronavirus: dunyoda kunlik o‘sish bo‘yicha antirekord yangilandi
Olam
−
09 Oktabr 2020
9382Dunyoda kuniga COVID-19 bilan kasallanganlarning soni 338 mingdan oshdi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) sayti ma’lumotlariga ko‘ra, bu pandemiya boshlanganidan buyon rekord ko‘rsatkich.
Eng ko‘p kasallanganlar Shimoliy va Janubiy Amerika (+122 715) va Yevropada (+96 996) qayd etilgan.
JSST hisob-kitoblariga ko‘ra butun dunyoda COVID -19 kasalligi soni 36 milliondan oshdi, milliondan ortiq odam vafot etdi. Jons Xopkins Universitetining statistik ma’lumotlariga ko‘ra, SARS-CoV-2 virusiga ko‘proq moyil bo‘lgan mamlakatlar orasida Amerika Qo‘shma Shtatlari, Hindiston va Braziliya bor. Rossiya to‘rtinchi o‘rinda qolmoqda, Kolumbiya, Argentina, Ispaniya, Peru, Meksika, Fransiya, Janubiy Afrika, Buyuk Britaniya, Eron va Chilidan oldinda.
Shu bilan birga, o‘sish sur’atlari bo‘yicha (0,9 foiz) Rossiya oltinchi o‘rinda qolmoqda.
COVID-19 bilan bog‘liq vaziyatning yomonlashuvi sabab Yevropaning bir qator davlatlari karantin cheklovlarini kuchaytirmoqda. Jumladan, Chexiyada barcha sport va madaniy inshootlarni kelasi haftadan boshlab ikki hafta muddatga yopish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Mamlakatdagi restoranlar faqat soat 20:00 gacha ishlaydi va maktablar odatiy ta’lim bilan birgalikda masofaviy ta’lim shakli bilan aralash bo‘lgan o‘qitish tizimiga o‘tadi.
Belgiya poytaxtida ham yangi choralar ko‘rilmoqda: barcha bar va pablar bir oy muddatga yopildi. Poytaxt bo‘ylab barcha oshxona, kafe, sport klublari va ziyofat zallariga cheklovlar qo‘yildi. Ammo restoranlar o‘z faoliyatini davom ettiradi.
Shvetsiya sport tadbirlari va konsertlarga tashrif buyuruvchilar sonini ko‘paytirish rejalaridan voz kechishga qaror qildi. Hukumat cheklovlarni 50 dan 500 gacha oshirishni rejalashtirilayotgan edi.
Ushbu haftada Italiyada butun mamlakat bo‘ylab niqoblar taqish majburiy qilib qo‘yildi. Xuddi shunday chora shanba kuni Polshada ham kuchga kiradi.