Koronavirus aniqlanmagan Turkmanistonda emlash majburiy etib belgilandi
Olam
−
07 iyul 2021 4775 1 daqiqa
Turkmanistonda aholini koronavirusga qarshi majburiy emlash joriy etildi — mamlakatda 18 yoshdan oshgan barcha emlanishi shart. Bu haqda “Neytral Turkmaniston” gazetasi xabar bergan.
“18 yoshdan katta barcha aholi agar COVID-19 ga qarshi emlanish uchun qarshi ko‘rsatmalari bo‘lmasa, ular emlanadi”, deyilgan xabarda.
Bir nechta toifalar emlanishdan ozod qilingan:
- preparatning tarkibiy qismlaridan biriga allergiyasi bo‘lganlar;
- homilador ayollar va laktatsiya davridagi ayollar;
- 18 yoshgacha bo‘lganlar;
- shuningdek, harorati yuqori bo‘lganlar, o‘tkir yoki surunkali kasalliklarga chalinganlar.
Turkmanistonning rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda birorta ham koronavirus kasalligi qayd etilmagan. Joriy yilning boshida Turkmanistonda Rossiyaning koronavirusga qarshi “Epivakkorona” vaksinasi ro‘yxatdan o‘tkazilgan.