Koreyada politsiyani 2 yil ichida 60 ming marta yolg‘ondan chaqirgan erkak qo‘lga olindi
Olam
−
25 Sentabr 2025 3508 1 daqiqa
Joriy yilning 23 sentyabr kuni Janubiy Koreya politsiyasi 50 yosh atrofidagi erkakni ikki yildan kamroq vaqt ichida politsiyaga 60 mingga yaqin yolg‘on chaqiruv bilan murojaat qilgani uchun hibsga oldi. Bu haqda “The Korea Herald” xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, erkak politsiyaga qilgan 58 ming 307 murojaatidan 51 tasi politsiyaning zudlik bilan yetib kelishini talab qiluvchi og‘ir jinoyat alomati bor qo‘ng‘iroqlar qatoriga kiritilgan.
Politsiyaning ma’lum qilishicha, u qo‘ng‘iroqlarida muzlatgichni o‘g‘irlagani, ukasini o‘ldirishni rejalashtirayotgani va uni qamab qo‘ygani, shuningdek, u o‘z xohishiga qarshi ushlab turilgani haqida xabar bergan. U 2023 yildan beri yolg‘on chaqiruv uchun yetti marta jarimaga tortilgan.
Ayni paytda erkak politsiya xodimlarining xizmat vazifasini bajarishiga to‘sqinlik qilgani uchun hibsga olingan va tergov qilinmoqda. U besh yilgacha qamoqqa olinishi yoki 10 million von (taxminan 86 mln so‘m) jarimaga tortilishi mumkin.
“Jinoyatchi 2024 yil may oyining to‘rt kuni ichida politsiyaga 1882 marta murojaat qilgan. Erkak yolg‘iz yashashi tufayli va ko‘proq mast holatda bo‘lganida yolg‘ondan qo‘ng‘iroq qilishini tan olgan”, deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda tez tibbiy yordam xizmatini yolg‘ondan chaqirganlarga jarima belgilash taklif qilingan edi.
Bunyod Keldiboyev