Koral kalsiy har dardga davomi?

Salomatlik

image

So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonga chetdan olib kelinayotgan koral kalsiy biologik faol qo‘shimchasi haqida har xil shov-shuvli ma’lumotlar tarqatilmoqda. Jumladan, koral kalsiy juda ko‘p dardlarga shifo bo‘lishi, hatto, onkologik kasalliklarda ham yaxshi samara berishi haqida asossiz xabarlar ko‘paydi. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot kotibi Furqat Sanayev mazkur ma’lumotlarni atroflicha o‘rganib, quyidagilarni ma’lum qildi.

Darhaqiqat, kalsiy moddasi inson hayoti va salomatligi uchun muhim mikroelementlardan biri. Zero, kalsiy inson suyak tizimlarini mustahkamlash, organizmda modda almashinuvini yaxshilashda muhim o‘rin tutadi. Shu sababli tarkibida kalsiy bo‘lgan biologik faol qo‘shimchalar doim xaridorgir bo‘lib kelgan.

Koral kalsiysi haqida so‘z yuritiladigan bo‘lsa, bu modda kalsiy karbonatining bir ko‘rinishi bo‘lib, kalsiyning dunyoda eng ko‘p tarqalgan turi hisoblanadi. Koral kalsiysi toshlangan koraldan olinadi va uning minerallar tarkibi oddiy kalsiyga qaraganda biroz boyroq bo‘ladi. Hozirgi kunda Toshkentdagi “B. B.” mas’uliyati cheklangan jamiyati xorijdan olib kelingan ana shunday mahsulotni aholiga taqdim etmoqda. Ushbu MCHJ davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan va u taqdim etayotgan mahsulotlar tegishli muvofiqlik va sifat sertifikatiga ega. Biroq, chetdan keltirilayotgan koral kalsiy biologik faol qo‘shimchasi narxi dorixonalarda sotilayotgan kalsiy preparatidan juda ham qimmat, samaradorlik borasida esa amaldagi tibbiy preparatlardan u qadar farq qilmaydi. Buni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti laboratoriyasida o‘tkazilgan tadqiqot ham isbotladi.

“Bu ikkala kalsiyning asosini tekshirish uchun “Beverli” kompaniyasining tarmoqli marketing orqali sotilayotgan kalsiy tabletkasi va undan ancha arzon bo‘lgan dorixonalarda sotilayotgan kalsiy tabletkasini solishtirish maqsadida maxsus tadqiqot o‘tkazdik. Poroshok ko‘rinishida bir xil miqdorda ikkita namuna tayyorlandi. Tadqiqotda ikkala namunaning asosi bir xil ekanligi aniqlandi. Faqatgina “Beverli” kompaniyasiga tegishli kalsiy namunasida minerallar tarkibi biroz ko‘proq ekan”, deydi mazkur institut ilmiy xodimi Rustam Ashurov.

“Bu biologik faol qo‘shimchani har dardga davo deb talqin etish mutlaqo noto‘g‘ri. Bundan tashqari, inson biror dori-darmon yoki biologik faol qo‘shimcha iste’mol qilishdan oldin albatta shifokor ko‘rigidan o‘tishi lozim. Qolaversa, dori-darmon yoki biologik faol qo‘shimchalarni oylab, yillab uzluksiz iste’mol qilish aslo mumkin emas” deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi Farmakalogiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, tibbiyot fanlari doktori, professor Baxtiyor Shoislomov.

Baxtiyor Shoislomovning ta’kidlashicha, tarkibida kalsiy saqlovchi har qanday dori-darmon yoki biologik faol qo‘shimchani ham o‘z bilganicha ichish nafaqat foyda keltirmasligi, balki turli xil salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. 

“Xususan, biz yurak–qon tomir tizimi kasalliklariga moyilligi bo‘lgan shaxslarda yurak ritmining turli buzilishlariga va hatto o‘limga ham olib kelganligi haqidagi ayanchli ma’lumotlarga egamiz. Shuningdek, siydik-tosh kasalligi bor bemorlarda dardni zo‘raytirib yuborganlik holatlari ham ko‘p kuzatilgan”, dedi Shoislomov.

Shunday ekan, kasalliklarni davolashda sifat va miqdor jihatdan tekshiruvlardan o‘tkazilgan, shu bilan birga, xususiyatlari ham to‘liq o‘rganilgan kalsiy saqlovchi dori vositalaridan shifokor tavsiyasiga asosan foydalanish maqsadga muvofiq. Bugungi kunda mamlakatimizda kalsiy saqlovchi juda ko‘p samarali dori vositalari ro‘yxatdan o‘tkazilgan va dorixonalarda yetarli miqdorda mavjud, narxi ham hamyonbop.


Maqola muallifi

Teglar

SSV Koral kal'tsiy

Baholaganlar

350

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing