Kontrabanda. Yashirin tortma hamon ochilmoqda

Biznes

Kontrabanda – bu ma’lum bir mamlakatga olib kelish va olib ketish taqiqlangan tovarlar, qimmatbaho buyumlar, valyuta boyliklari va boshqa turdagi mahsulotlarni davlat chegarasidan qonunga xilof usullarda o‘tkazish hisoblanadi. Bojxonadan o‘tkazilmagan yoki bojxona nazoratidan tashqari yashirincha, topish qiyin bo‘lgan vositalar orqali yoki hujjatlarda ko‘rsatilmagan mollar noqonuniy hisoblanadi. Noqonuniy o‘tkaziladigan mol-mulk esa kontrabanda deyiladi. 

Ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston byudjeti noqonuniy mahsulotlardan bir yilda 50 million dollardan ko‘proq zarar ko‘radi.

Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan kontrafkt tamaki mahsulotlarga nisbatan qay tartibda kurashilyapti. Sayyor soliq tekshiruvlari boshqarmasi bosh inspektori Otabek Tangriberganov 2022 yilda bu borada qilingan ishlar va raqamlarni QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi. 

“Soliq organlari tomonidan o‘tgan yilda alkogol va tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish bo‘yicha nazorat tadbirlari o‘tkazildi. Nazorat tadbirlarida 58 ming 56 dona, ya’ni 1 milliard 341 million so‘mlik alkogol va 65 689 quti, ya’ni 835 million so‘mlik tamaki mahsulotlari belgilangan tartibda olib qo‘yildi”, deydi Otabek Tangriberganov.

Ma’lumotlarga qaraganda, qo‘shni Qirg‘iziston davlatida noqonuniy tamaki savdosi darajasi 70 foizga o‘sgan. O‘zbekistonda esa Farg‘ona viloyati kontrabanda tamaki mahsulotlari sotilishida viloyatlar orasida yetakchi bo‘lib, bu yerda noqonuniy bozor hajmi 22 foizni tashkil etadi. Andijon va Namangan viloyatlari ham alohida ajralib turadi. Hammasi Qirg‘iziston bilan chegaraga yaqin. Bu, albatta, tasodif emas.

“Ekspert.ru” ma’lumotlariga ko‘ra, aynan Qirg‘iziston bojxona tizimi jozibador markaz hisoblanib, undan kontrabandachilar faol foydalanmoqda. U yerda bojxona tariflari O‘zbekistonnikidan ancha past. Noqonuniy sigaretalar Qirg‘izistondan O‘zbekistonga go‘yoki tranzit yo‘li bilan olib kelinadi va oxir-oqibat mamlakat ichida iste’mol qilinaveradi.

O‘zbekistonga tranzit orqali tamaki maxsulotlarini olib kiradigan eng katta tamaki ishlab chiqaruvchisi esa “Ekspert.ru” ma’lumotlariga ko‘ra, bu BAA hisoblanadi.

AQSHning Jorj Meyson universiteti qoshidagi Terrorizm, xalqaro jinoyat va korrupsiyani o‘rganish markazi ma’lumotlariga ko‘ra, BAAning Dubaydagi erkin savdo zonalari dunyoda noqonuniy savdo, shu jumladan sigaretalar markazi hisoblanadi. Ba’zi ekspertlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, Dubaydagi noqonuniy sigaret ishlab chiqaruvchilarning umumiy quvvati yiliga 200 milliard sigaretdan ortiqdir. Tadbirkorlik faoliyatining minimal soliqqa tortilishi, majburiy hisobotning deyarli to‘liq yo‘qligi va jozibador geografik joylashuvi tufayli Dubay dunyodagi eng yirik kontrabanda tamaki mahsulotlari portiga aylandi.

Mamlakatda samarali ta’minot tarmog‘i tashkil etilgan va shubhasiz, noqonuniy tamaki tutuni O‘zbekistongacha yetib kelgan.

Bojxona organlari tomonidan ham bojxona qonunchiligi buzilishining oldini olishga qaratilgan tezkor chora-tadbirlar muntazam ravishda ko‘rib borilmoqda. Masalan, 2022 yil yakunida Respublika hududidan tranzit bo‘lib harakatlanayotgan yuk poyezdining vagonlaridan birida qariyb 11 milliard so‘mlik tamaki mahsulotlari topilgan.

QALAMPIR.UZ jamoasi “Qo‘yliq” dehqon bozorida kichik reyd o‘tkazdi. Reyd natijalariga ko‘ra, ochiq rastalar kontrabanda maxsulotlaridan holi. Biroq, yo‘lini qilib bozorini qilayotganlar ham bor. Odatda mijoz o‘zi iste’mol qilib kelgan kontrabandla tamaki mahsulotini sotuvchidan so‘raydi va yashirin tortmalar ishga tushadi. 

Shuningdek, ko‘chalarda, bozor va shunga o‘xshash jamoat joylarida yakka tartibda noqonuniy savdo bilan shug‘ullanuvchilar hali ham aksiz markasiz yoki yaroqlilik muddati o‘tgan tamaki mahsulotlarini sotayotganini guvohi bo‘lishimiz mumkin. 

Aslida har qanday turdagi tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish sog‘liq uchun zarar, kontrabandali tamaki mahsulotlarining zarari esa siz va biz o‘ylagandan ko‘ra ancha ko‘proq. Xullas, jamoatchilik nazorati mustahkamlansa, tegishli tashkilotlar o‘z bu borada o‘z harakatlarini yanada kuchaytirsa, “olovli o‘choq”dan foydalanishga ortiqcha ehtiyoj tug‘ilmaydi!


Maqola muallifi

Teglar

Kontrabanda

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing