Kontent uchun mushuk bolasini uloqtirganlar jazolandi (video)

3-sahifa

image

Ko‘proq kuzatuvchi yig‘ish uchun mushuk bolasini baland to‘siq orqali otgan yigit jazolandi. Ularning qilgan ishi ijtimoiy tarmoqlarda katta e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Bu haqda Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.

 

Aniqlanishicha, voqea joriy yilning 27 iyul kuni Andijon shahridagi “Navruz Mall” savdo-ko‘ngilochar majmuasi oldida sodir bo‘lgan. Shahrixon tumanida yashovchi, 2008 yilda tug‘ilgan fuqaro ko‘proq kuzatuvchi yig‘ish maqsadida mushuk bolasini qurilish maydonchasiga uloqtirgan.

Ushbu hodisa uning 2006 yilda tug‘ilgan tanishi tomonidan videoga olingan. Keyinchalik video 18 yoshli yigitning Instagram sahifasiga joylashtirilgan.

Qayd etilishicha, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan holat o‘rganilgan hamda ularga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 111-moddasi (Hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish) bilan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.

Sud qaroriga ko‘ra, huquqbuzarlarning har biriga bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari, ya’ni 4 million 120 ming so‘mdan jarima jazosi tayinlangan.

Voqeadan so‘ng, yigitlar qilgan ishlaridan pushaymon ekanini bildirib, jamoatchilikdan uzr so‘ragan.

“Javohir mushukni olib otgan, men esa videoga olganman. O‘sha paytda uni to‘xtatishim kerak edi, lekin bunday qilmaganman. Bu ishimizdan qattiq pushaymonmiz, boshqa takrorlanmaydi. Boshqalarga ham bunday harakatlarni tavsiya qilmaymiz”, deya ta’kidlagan ular.

Bildirilishicha, hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabat nafaqat axloqiy me’yorlarga, balki qonunchilik talablariga ham zid. Ijtimoiy tarmoqlarda mashhurlikka erishish yoki ko‘proq auditoriya yig‘ish maqsadida qonunga xilof harakatlarni sodir etish javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Chelyabinsk shahrida O‘zbekiston fuqarosi yovvoyi hayvonlar boshpanasida silovsinga yaqinlashishga uringani ortidan jarimaga tortilgani haqida xabar berilgan edi.
 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing