O‘qituvchilar konstitutsiyaviy maqomga ega bo‘lmoqda
Biznes
−
16 aprel 2023
12023Ustoz, muallim, mudarris, murabbiy – naqadar sharafli hamda mas’uliyatli kasb. Muallim, ustoz shunday mo‘’tabar zotki, uning nomi ham, umri ham hamisha boqiydir. Yurtimizda azaldan ularning izzati va hurmati hamisha yuqori bo‘lgan, mashaqqatli mehnati ardoqlangan. Inson o‘zini anglagan paytdan boshlab ustozga tayanadi, ulardan ta’lim va tarbiya oladi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasining 52-moddasida davlat o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishi qat’iy belgilanmoqda. Ta’lim va ilm-fanga oid normalar ham qariyb 2 barobarga oshayotganini ko‘rishimiz mumkin.
Umumxalq muhokamasi jarayonlarida ayni shu normaning Bosh qomusda aks etishi bo‘yicha turli fikr-mulohazalar bo‘lganligini ta’kidlash zarur. Turli soha vakillari pedagog, o‘qituvchining maqomini alohida qayd etilishi bo‘yicha zaruriyat mavjudmi deyishgan bo‘lsa, aksariyat aholimiz ushbu normaning begilanishi shart ekanligini qo‘llab-quvvatlagan.
Ijtimoiy tarmoqlarni kuzatar ekanmiz, ming afsuski ba’zan ushbu sharafli kasb egalariga nisbatan o‘quvchilar, ota-onalar va boshqa shaxslar tarafidan kuch ishlatish, faoliyatiga aralashish, ularni turli jamoatchilik ishlariga jalb qilinganlikka oid foto-videolavhalar yoki xabarlarga ko‘zimiz tushib qoladi.
So‘nggi yillarda ayni shunday noxush vaziyatlarning oldini olishga qaratilgan qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Biroq pedagog xodimlarning kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan tadbirlarga jalb qilish hollari hali ham uchrab turibdi. Kuni kecha pedagog xodimlarni mehnatga ma’muriy tarzda majburlaganlik, shuningdek, ularning kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni imzolandi.
Unga ko‘ra, pedagog xodimni mehnatga biron-bir shaklda ma’muriy tarzda majburlash uchun ma’muriy va jinoiy javobgarliklar kuchaytirilmoqda. Jumladan, umumiy holatda biror shaxsni majburiy mehnatga jalb etish 30 mln so‘mgacha (BHMning 100 baravari) jarimaga sabab bo‘lsa, endilikda pedagoglarni majburiy mehnatga jalb qilish 45 mln so‘mgacha (BHMning 150 baravari) jarima bilan jazolanishi mumkin.
Jinoyat kodeksida ham pedagoglarga qarshi harakat uchun alohida jinoiy javobgarlik belgilandi va jazo kuchaytirildi. Ya’ni pedagog xodimni mehnatga biron-bir shaklda ma’muriy tarzda majburlash uchun, agar xuddi shunday qilmish uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, 45 mln so‘mdan 60 mln so‘mgacha jarima yoki 3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari jazosi belgilandi.
Shu o‘rinda tarixda bo‘lib o‘tgan bir voqeani misol sifatida keltirib o‘tish lozimki, buyuk mutafakkir shoir Alisher Navoiy ustozi Abdurahmon Jomiyning yashaydigan mahallasidan o‘tar chog‘ida otdan tushib piyoda o‘tishni joiz bilgan. U zotdan buning xikmatini so‘rashganda, ustoziga bo‘lgan hurmat-ehtirom va u kishining hurmati ila mahalladoshlariga bo‘lgan hurmat bajo keltirish ekanligini ta’kidlagan.
Ajdodlarimiz xatti-harakatlari, amallari va o‘gitlaridan ijobiy xulosalar chiqargan holda o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini Konstitutsiya darajasida o‘z o‘rniga qo‘yish ob’ektiv zaruratdir.
Konstitutsiyaga kiritilayotgan mazkur normaga o‘xshash qoidalar – 1966 yil 5 iyuldagi UNESCO’ning “O‘qituvchilar maqomi to‘g‘risida”gi tavsiyasining 7-bandida pedagogning “erkinligi prinsipi” mustahkamlangan. Shuningdek, Germaniya, Portugaliya va Misr konstitutsiyalarida ham belgilab qo‘yilganligini ta’kidlash lozim.
Ushbu normaning kiritilishi ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarni majburiy mehnatga jalb qilish bilan bog‘liq bo‘lgan huquqbuzarliklar, ularning kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish, huquq, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini davlat tarafidan himoya qilishga, shuningdek, sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularni ijtimoiy va moddiy farovonligini yanada yaxshilash uchun xizmat qiladi.
Anvarjon Mirkomilov
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi bo‘lim boshlig‘i