Ayollar diskrinimatsiyasiga chek qo‘yiladi

Biznes

image

Bugungi kunda xotin-qizlar bandligini ta’minlash, barcha sohalarda gender tengligiga erishish, mehnat bozorida kamsitishlarga barham berish va ish haqi tengligini ta’minlash butun dunyoda dolzarb muammolardan biri hisoblanadi. Xalqaro mehnat tashkiloti hisob-kitoblariga ko‘ra, 2022 yilda mehnatga layoqatli aholining mehnat bozorida ishtirok etish darajasi 60 foizga teng bo‘lgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich erkaklar o‘rtasida 71,9 foizni, ayollar orasida esa 46,6 foizni tashkil qilgan. Umuman olganda, ayollarning iqtisodiy faolligi erkaklarning iqtisodiy faolligidan 1,5% kam.

Gender tengligini ta’minlash bugun mamlakatimizda ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Yangilanayotgan Konstitutsiyaning 42-moddasida homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo‘shatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanishi muhrlanayotgani buning yaqqol isbotidir. Xo‘sh, bu bizning ayollarga nima beradi va nima uchun kerak? 

Bugungi kunda O‘zbekistonda ayollarning iqtisodiy faolligi erkaklarnikiga nisbatan ancha past. 2021 yil yakunlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich ayollar orasida 41,3 foizni, erkaklar orasida esa 56,9 foizni tashkil etdi. O‘zbekiston ayollarining mehnat bozoridagi iqtisodiy faolligi 30 yoshdan boshlanadi. Sababi o‘rtacha 22,3 yoshida  turmush quradi va undan keyin kamida 2 yilni tug‘ruq ta’tilida o‘rkazadi. Undan so‘ng mehnat bozoriga qaytadi, lekin qisqa vaqtdan keyin ularning takroriy tug‘ruq ta’tiliga chiqish ehtimoli yuqori. Ayollarning tez-tez dekret ta’tili va farzandlari salomatligi tufayli kasallik ta’tiliga chiqishi ish beruvchilar orasida ayollarning potensial xodim sifatida samaradorligini pasaytiradi.

Shuningdek, O‘zbekiston mehnat bozorida mehnatga haq to‘lashdagi jiddiy tafovutlar ham mavjud, buning asosiy sabablaridan biri – bu kasb segregatsiyasidir. Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, ishlaydigan ayollar erkaklarga nisbatan o‘rtacha 39% kam maosh oladi.

Yurtimiz aholisi tez sur’atlar bilan o‘smoqda, 2022 yilda 900 mingdan ortiq bola dunyoga keldi. Bu, albatta, ijobiy tendensiya, lekin har yili 900 mingta ayol mehnat bozoridan vaqtinchalik chiqib ketadi. Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti tomonidan olib borilgan so‘rov natijalariga ko‘ra , farzand ko‘rish ayollarning mansab borasidagi muvaffaqiyatini vaqtincha cheklaydi deb 58,5% ishtirokchilar ma’lum qilgan. Shuningdek, respondentlarning 68,4 foizi erkaklarga nisbatan ayollarning martabaga erishishi ancha qiyin, deb hisoblaydi. Jamiyatda hukm surayotgan ayollarning o‘rni uyda, ular faqat farzand tarbiyasi bilan va uy ishlari bilan shug‘ullanishi kerak degan tushunchalar (80% aholi shunday fikrda)  ayollarning nafaqat mehnat bozorida balki jamiyatda ham o‘z o‘rnini topishiga to‘sqinlik qiladi. 

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 42-moddasiga kiritilayotgan homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo‘shatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanishi bo‘yicha norma yuqorida keltirilgan ayollarga nisbatan barcha kamsitishlarning oldini olishga xizmat qiladi. Endilikda ish beruvchilar erkaklarga yon bosmay, ayollarni ham teng xuquqli potensial ishchi sifatida ko‘rishga (u homilador yoki kichik farzandlari bo‘lishiga qaramay) va oylik maoshlarini to‘lashda kam to‘lash holatlarini yo‘q qilishga majbur va ushbu xolatlar doimiy ravishda davlat tomonidan nazorat qilib boriladi. 

Bu esa o‘z navbatida ayollarning iqtisodiy faolligini oshirish ular orasidagi ishsizlik darajasini kamaytirish (bugungi kunda ayollar orasidagi ishsizlik darajasi 13%) va nafaqat mehnat bozorida, balki jamiyatning barcha jabhalarida gender tengligini ta’minlashga imkon beradi. Ya’ni ayollar diskriniminatsiyasiga chek qo‘yishning Konstitutsiyaviy asosi yaratilmoqda.

Muhabbat Ahmedova
PhD,
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar
instituti loyiha rahbari


Maqola muallifi

Teglar

konstitutsiya referendum

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing