Yangi tahrirdagi Konstitutsiya: O‘z aybini tan olish aybdorlik dalili bo‘la olmaydi

Biznes

image

Aybsizlik prezumpsiyasi – inson huquqlari rivojlanishi tarixida shakllangan eng buyuk kafolatdir.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 28-moddasiga har kimning aybsizlik prezumpsiyasi bilan bog‘liq huquqlarini kuchaytirishga qaratilgan normalar kiritilmoqda. Bu boradagi muhim kafolatlardan biri – “Shaxsning o‘z aybini tan olishi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emas” ekanligi to‘g‘risidagi qoidadir. Mazkur kafolatning ahamiyati nimada?

Aynan jinoyat protsessida shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish masalasi juda muhim. Sababi aynan jinoyat protsessida insonga asossiz jismoniy yoki ruhiy tazyiq o‘tkazish xavfi katta. Shu sababdan ham, qonun aynan mansabdor shaxslarga jinoyat protsessi ishtirokchilari bilan har qanday noqonuniy usullarda muloqot qilishni, ya’ni o‘z hokimiyat vakolatini suiiste’mol qilishni qat’iyan taqiqlaydi. 

Aytish kerakki, tergov vaqtida qo‘llaniladigan g‘ayriqonuniy harakatlar nafaqat qiynoq va boshqa zo‘rlik usullaridan iborat, ya’ni jinoiy ta’qib ostidagi shaxsga nisbatan undan iqrorlik ko‘rsatmalari olish maqsadida o‘tkaziladigan bosim nafaqat jismoniy, balki ruhiy tazyiq ko‘rinishida ham kuzatilishi mumkin. Aynan bunday noqonuniy usullarni qo‘llab olingan har qanday dalillardan foydalanish qonunan taqiqlanadi. Ya’ni tergov vaqtida iqrorlik ko‘rsatmalari har qanday bosim ostida olingan bo‘lsa, so‘zsiz nomaqbul dalil hisoblanadi va ulardan sudda foydalanish mumkin emas. Bundan tashqari, qonunda shunday protsessual talab amal qiladiki, unga binoan agar sud majlisida masalan, sudlanuvchi tergovda unga nisbatan ruxsat berilmagan usullar qo‘llanilganligi to‘g‘risidagi murojaat qilsa, sudya bu murojaatni sud-tibbiy ekspertizasi yoki boshqa ekspertiza o‘tkazgan holda majburiy tekshirishi zarur”. Aynan ana shu kafolatning Konstitutsiyada mustahkamlanishi har qanday bu kabi nomaqbul dalillardan foydalanishga chek qo‘yadi. Muhim jihati, bunda nafaqat noqonuniy usulda olingan iqrorlik ko‘rsatmalari, balki ularning asosida ayblanuvchi ishtirokida o‘tkazilgan boshqa tergov harakatlari va ularning natijasida olingan dalillar ham o‘z yuridik kuchini yo‘qotadi.

Mazkur moddaga kiritilayotgan yana bir muhim qoidaga ko‘ra, iqrorlik ko‘rsatmalari ixtiyoriy ravishda yoki bosim ostida olinganligidan qat’iy nazar, ular ish yuzasidan yagona dalil bo‘lsa, shaxs aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emas! Ya’ni bunday shaxs huquqlari kafolati, tergov organlari zimmasiga konstitutsiyaviy darajada alohida mas’uliyat yuklaydiki, endilikda ular shaxsning aybini isbotlash jarayonida iqrorlik ko‘rsatmalariga asosiy urg‘u bermasligi va ayblovni tergov yo‘li bilan tekshirilgan boshqa dalillar majmui bilan isbotlashlari shart.

Agar mazkur kafolat talablari bajarilmasa, bunday holatlarda sud shaxsning aybini tasdiqlovchi dalillarning yetarli emasligi tufayli oqlov hukmi chiqaradi. Ya’ni bunda “isbotlanmagan ayb – isbotlangan aybsizlikka teng” degan halqaro standart amal qiladi.

Jumladan, bunday oqilona va adolatli yondashuvning dalolati sifatida sudlar tomonidan chiqarilayotgan oqlov hukmlari tobora ko‘payib borayotganini, nohaq ayblanayotgan fuqarolarimizning huquq va erkinliklari samarali himoya qilinayotganligini keltirish mumkin. Jumladan, qiyoslab aytadigan bo‘lsak, so‘nggi olti yilda (2016-2022)  4 712 nafar nohaq ayblangan shaxs oqlangan. Shu munosabat bilan bundan avvalgi to‘qqiz yil ichida esa (2006-2015) atigi 138 nafar shaxs oqlanganini eslab o‘tish o‘rinli. Bu davrlar orasidagi jiddiy o‘zaro farq ham inson huquqlarini amalda ta’minlash borasidagi so‘nggi yillarda olib borilayotgan sa’y-harakatlarning qanchalik samara berayotganligini tasdiqlaydi.

Yangi tahrirdagi Asosiy qonunimizda ko‘zda tutilayotgan yangi kafolat butun jahon e’tirof etgan aybsizlik prezumpsiyasining “oltin qoidalari”dan biri bo‘lib, uning konstitutsiyaviy darajada mustahkamlanishi fuqarolarimizning huquq va erkinliklarini himoya qilinishining yangi va ishonchli mexanizmini ishga soladi, fuqarolarimizni asossiz va qonunga xilof jinoiy ta’qibdan himoya qiladi.

Surayyo Rahmonova
yuridik fanlari doktori, professor,
konstitutsiyaviy komissiya eksperti
 


Maqola muallifi

Teglar

konstitutsiya referendum

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing