Konstitutsion o‘zgarish: Davlat va inson o‘rtasidagi qarama-qarshilikda inson foydasi talqin qilinadi
Jamiyat
−
25 iyun 2022
4883Bundan buyon O‘zbekistonda insonning davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlarida qonunchilikda yuzaga keladigan, bartaraf etib bo‘lmaydigan barcha qarama-qarshiliklar va noaniqliklar inson foydasiga talqin qilinishi mumkin. Ayni tartib O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 13-moddasidan o‘rin olishi kutilmoqda.
Ma’lumki, bugun, 25 iyun kuni “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi muhokama qo‘yildi.
Amaldagi Konstitutsiyaning 13-moddasida, “O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi. Demokratik huquq va erkinliklar Konstitutsiya va qonunlar bilan himoya qilinadi”, deb yozilgan bo‘lsa, Bosh qomusga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga ko‘ra, 13-modda quyidagicha o‘zgarmoqda:
“O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga muvofiq inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa ajralmas huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi.
Insonning sha’ni va qadr-qimmatini, huquq va erkinliklarini hurmat qilish, ularga rioya etish, ularni himoya qilish davlatning majburiyatidir. Insonning huquq va erkinliklari bevosita amal qiladi, qonunlarning ma’nosini, mazmunini va qo‘llanilishini, davlat organlarining, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining va ular mansabdor shaxslarining faoliyatini belgilaydi.
Insonga nisbatan huquqiy ta’sir chorasi davlat organi tomonidan ko‘zlanadigan qonuniy maqsadga erishish uchun yetarli bo‘lishi hamda manfaatdor shaxslarga imkon qadar qiyinchilik tug‘dirmasligi kerak.
Insonning davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlarida qonunchilikda yuzaga keladigan, bartaraf etib bo‘lmaydigan barcha qaramaqarshiliklar va noaniqliklar inson foydasiga talqin qilinadi.
Demokratik huquq va erkinliklar Konstitutsiya va qonunlar bilan himoya qilinadi”.
Shuningdek, Konstitutsiyaning 14-moddaсига kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga ko‘ra, “Davlat o‘z faoliyatini inson farovonligini hamda jamiyatning barqaror rivojlanishini ko‘zlab, ijtimoiy adolat va qonuniylik prinsiplari asosida amalga oshiradi”.
15-modda esa quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan to‘ldirilishi ko‘zda tutilgan:
"O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi oliy yuridik kuchga ega bo‘lib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladi va O‘zbekiston Respublikasining butun hududida qo‘llaniladi”.
Bundan buyon ushbu moddaning ikkinchi qismi uchinchi qism deb hisoblanadi.
16-moddaнинг birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etiladi:
“Ushbu Konstitutsiyaning birorta qoidasi inson va fuqaroning huquq hamda erkinliklariga, O‘zbekiston Respublikasining huquq va manfaatlariga, ushbu Konstitutsiyaning birinchi bo‘limida nazarda tutilgan asosiy prinsiplarga va qoidalarga zarar yetkazadigan tarzda talqin etilishi mumkin emas”
Eslatib o‘tamiz, “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi joriy yilning 24 iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Konstitutsiyaviy qonun O‘zbekiston Respublikasining amaldagi Konstitutsiyasining barcha bo‘limlaridagi 66 ta moddaga 170 dan ortiq tuzatishlarni nazarda tutmoqda.
LiveBarchasi