Kompensatsiya evaziga yerni olib qo‘yish to‘g‘risidagi yangi qonun loyihasi e’lon qilindi
Jamiyat
−
21 aprel 2021
7227Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e’lon qilindi.
Mazkur Qonun loyihasining maqsadi jismoniy va yuridik shaxslarga egalik qilish, doimiy foydalanish yoki vaqtinchalik foydalanish huquqi bilan tegishli bo‘lgan yer uchastkasi yoki uning bir qismi jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi hamda ushbu yer uchastkasi va unda joylashgan ko‘chmas mulk ob’ektlarining huquq egalariga kompensatsiya berish tartib-taomillarini belgilashdan iborat.
Qonun loyihasida yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi quyidagi prinsiplar asosida amalga oshirilishi belgilandi:
• mulk huquqining ustuvorligi;
• xususiy mulkning daxlsizligi;
• olib qo‘yilgan yer uchastkasidan maqsadli foydalanishi;
• qonuniylik;
• ochiqlik va shaffoflik;
• kompensatsiyaning kafolatlanishi.
Qonun loyihasi qabul qilingan taqdirda u jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga olib qo‘yishni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tartibga soluvchi yaxlit normativ-huquqiy hujjat bo‘lib hisoblanadi.
Qonun loyihasi 7 bob va 42 moddadan iborat bo‘lib, u quyidagi yangi normalar va mexanizmlarni o‘z ichiga oladi:
• yer uchastkalarini jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi mumkin bo‘lgan aniq holatlarning tugal ro‘yxati;
• Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining yer uchastkasini kompensatsiya evaziga olib qo‘yish tashabbusini dastlabki tarzda ko‘rib chiqish bo‘yicha majlislari ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik vakillari ishtirokida o‘tkazilishi;
• ochiq muhokama ommaviy axborot vositalari ishtirokida o‘tkazilishi va ularning ishtiroki tashabbuskor tomonidan ta’minlanishi shartligi;
• tashabbuskor tomonidan ochiq muhokama o‘tkazilishi jarayonining majburiy tartibda audio- va video qayd qilinishi ta’minlanishi;
• ochiq muhokamani o‘tkazish joyi ko‘pchilik huquq egalarining yashash joyiga yaqin bo‘lishi kerakligi, huquq egalarining uchdan ikki qismi qatnashganda ochiq muhokama o‘tkazilgan hisoblanishi;
• tashabbuskor huquq egalariga ochiq muhokamada onlayn qatnashish imkoniyatini yaratishi shartligi;
• kompensatsiya berilganidan so‘ng ko‘chmas mulk ob’ektini olti oy mobaynida bo‘shatib qo‘yishga imkoniyat berilishi;
• kompensatsiya sifatida boshqa turar joy berilganda ijtimoiy normani hisoblash qoidalari;
• bitta mahalla yoki ko‘chada yashovchi huquq egalari va ularning oila a’zolariga qulay shart-sharoitlar yaratish va madaniy qadriyatlarini saqlab qolish maqsadida, huquq egalarining xohishiga ko‘ra bitta mahalla yoki ko‘chada joylashgan yangi uylar (bitta ko‘p qavatli uydagi kvartiralar) berilishi mumkinligi;
• kompensatsiya o‘z vaqtida va to‘liq berilishining doimiy monitoringi Ko‘chmas mulk ob’ektlari Davlat reyestri yagona elektron axborot tizimi orqali amalga oshirilishi;
• olib qo‘yilgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk ob’ektini buzib tashlash to‘g‘risidagi qaror Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan qabul qilinishi;
• Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish va olib qo‘yilgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk ob’ektini buzib tashlash to‘g‘risida qabul qiladigan qarorlari adliya organlari tomonidan huquqiy ekspertizadan o‘tkazilib, ijobiy huquqiy xulosa berilgandagina qabul qilinishi mumkinligi;
• nizolarni hal qilishning muqobil usullaridan foydalanish imkoniyatlarini ta’minlash, sudlarning ish hajmini kamaytirish, shuningdek nizolarni qisqa muddat ichida hal qilish maqsadida nizolarni dastlab sudgacha bo‘lgan tartibda hal qilishga ko‘maklashish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari huzurida tashkil etiladigan kompensatsiya komissiyalari tomonidan amalga oshiriladi;
• yer uchastkasini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi to‘g‘risidagi qaror qabul qilish yuzasidan o‘tkaziladigan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashlarining majlislarida tashabbuskor va huquq egalari ichidan vakil yoki vakillar ishtirok etishi shartligi, majlislarda tashabbuskor va huquq egalari ichidan vakil yoki vakillar o‘z fikr va mulohazalarini, e’tirozlarini bildirishga, tegishli tushuntirishlar olishga hamda yer uchastkasini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi to‘g‘risida qaror qabul qilish bo‘yicha deputatlar tomonidan ovoz berish jarayonini kuzatishga haqli ekanligi;
• yer uchastkasi kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi va olib qo‘yilgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk ob’ektini buzib tashlanishi to‘g‘risidagi qarorlarni qabul qilishning aniq qoidalari;
• madaniy meros ob’ektlari joylashgan yoki ularga tutash hududda joylashgan yer uchastkalarini jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish talablari;
• huquq egasi bilan kelishuvga erishilmagan taqdirda, huquq egasini kelishuvni imzolashga majbur qilish maqsadida unga tegishli bo‘lgan mulkni erkin tasarruf etishiga to‘sqinlik qiluvchi xatti-harakatlarga, shu jumladan turar joyni kommunikatsiya vositalaridan uzib qo‘yish, ko‘chmas mulk ob’ektiga kirish va chiqish yo‘llarini to‘sib qo‘yish, munosib hayot kechirishiga to‘sqinlik qiluvchi sharoit yaratishga yo‘l qo‘yilmasligi va boshqalar.
LiveBarchasi