Komilov Dohada “Tolibon” vakili bilan uchrashdi

Jamiyat

image

Qatar poytaxti Dohaga amaliy tashrif bilan kelgan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya kecha, 10 aprel kuni Qatardagi “Tolibon” harakati siyosiy vakolatxonasi rahbari mulla Barodar Axund bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Matbuot xizmati xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, uchrashuv davomida Afg‘onistonda barqaror va uzoq muddatli tinchlik o‘rnatish maqsadida tinch siyosiy jarayonni ilgari surish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilingan.

Mulla Barodar Afg‘oniston muammolariga doimiy e’tibor qaratayotgani uchun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga samimiy minnatdorlik bildirgan. Bundan tashqari, “Tolibon” harakati rahbariyati vakili, O‘zbekistonning Afg‘onistonda transport va energetika sohalarida muhim iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha tashabbuslarini mamnuniyat bilan qo‘llab-quvvatlagan.

Barodar Axund , ayniqsa, O‘zbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan yirik infratuzilma loyihalari nafaqat Afg‘onistonning iqtisodiy rivojlanishiga, balki mamlakatda to‘laqonli tinch siyosiy jarayonni boshlash uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga xizmat qilishini ta’kidlagan. Shu o‘rinda, Afg‘oniston kelajakda Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida “ishonch va hamkorlik ko‘prigi”ga aylanishi mumkinligi bildirilgan.

Shuningdek, Dohada Abdulaziz Komilov Qatar davlatining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Mutlaq bin Majid al-Qahtoniy bilan uchrashgan.

Tomonlar afg‘onlararo inklyuziv muzokaralarni davom ettirish orqali Afg‘onistondagi siyosiy tinchlik jarayonini ilgari surish bo‘yicha o‘zaro munosabatlarning dolzarb jihatlarini muhokama qilgan.

Qayd etilishicha, Afg‘onistonda barqaror tinchlikni o‘rnatishga ko‘maklashish uchun xalqaro hamjamiyat sa’y-harakatlarini birlashtirish muhim sanaladi.

Mutlaq bin Majid al-Qahtoniy, shuningdek, Afg‘onistonda O‘zbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan infratuzilma loyihalarining qo‘shni mamlakat iqtisodiyotini tez sur’atda tiklashda muhim ahamiyatga egaligini ta’kidlagan.

Bundan avval Abdulaziz Komilov Eron tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif, Pokiston bosh vaziri Imron Xon va Tashqi ishlar vaziri Shoh Mahmud Qurayshiy bilan uchrashgani haqida xabar berilgandi.

Ma’lumot o‘rnida, Afg‘oniston hukumati va Tolibon o‘rtasida tinchlik muzokaralari 2020 yil 12 sentyabrda Qatar poytaxti Dohada boshlandi.

Afg‘onlararo muzokaralarning boshlanishi, Hukumat va "Tolibon"ning muzokara stoliga kelishida O‘zbekiston, xususan Prezident Mirziyoyevning ishtiroki katta. Mirziyoyev iqtidorga kelgan ilk kunlardanoq dunyo hamjamiyati oldiga afg‘on muammosini yana ko‘ndalang qo‘ydi. U 2017 yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida nutq so‘zlab, Afg‘onistonda tinchlikka erishishning yagona yo‘li — markaziy hukumat va mamlakat ichidagi asosiy siyosiy kuchlar o‘rtasida oldindan hech qanday shart qo‘ymasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot olib borish ekanini ta’kidladi. 

2018 yil 27 mart kuni "Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik" mavzuida Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

2020 yilning 12 sentyabr kuni Qatar poytaxti Dohada Afg‘oniston Islom Respublikasi Hukumati va “Tolibon” harakati o‘rtasida muzokaralar boshlandi. Bu Afg‘onistonda tinchlik va osuda hayot uchun qo‘yilgan yana bir ulkan qadam, deyish mumkin. O‘zbekiston 40 yildan ziyod vaqt davomida Afg‘onistonda davom etayotgan urush, notinchlik va o‘zaro muammolarni afg‘on xalqining o‘zi o‘z irodasi bilan hal etishi tarafdori. 

2020 yilning 29 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatnomasida yana afg‘on muammosiga to‘xtalib, shunday degan edi:

"Biz qo‘shni Afg‘oniston zaminida tinchlik o‘rnatilishiga qat’iy ishonamiz va bu ezgu yo‘lda amaliy yordamni bundan keyin ham ayamaymiz".

O‘tgan yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi, yaqin qo‘shnichilik aloqalarini mustahkamlash, qo‘shning tinch – sen tinch degan azaliy qadriyatga asoslangan islohotlari natijasida afg‘on muammosini hal etishda oldinga siljish kuzatildi. Buning samarasini 2020 yilning 29 fevral kuni Qatarning Doha shahrida Amerika Qo‘shma Shtatlari va "Tolibon" harakati o‘rtasida tinchlik sulhi imzolanganida ham ko‘rish mumkin. Sulhda AQSH 19 yil deganda o‘z harbiy kuchlarini afg‘on diyoridan olib chiqib ketishi, “Tolibon” ham qurolli harakatlarni to‘xtatishi belgilandi. 

2020 yilning 12 sentyabr kuni Dohada bo‘lib o‘tgan muzokaralar esa afg‘on xalqining va nihoyat tinch va farovon hayotga qovushishidan dalolat berdi. “Tolibon” harakatining Qatardagi siyosiy vakolatxonasi rahbari Mulla Abdulg‘ani Birodar o‘zbekistonlik jurnalistlar bilan suhbatlashib, Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish va mamlakat iqtisodiyotini tiklash borasida rasmiy Toshkentning faolligini alohida e’tirof etdi. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning fevral oyida Dohada yana tinchlik muzokaralari boshlandi. Unda ishtirok etayotgan "Tolibon" vakillari turli sabablarga ko‘ra muzokaralarni tark etgan edi. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

81

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing