Komada qolayotgan deputatning ahvoli haqida ma’lumot berildi
Olam
−
25 Sentabr 2023
14085Avvalroq Ozarbayjon Milliy Majlisi (parlamenti) deputati Ganira Pashayeva komaga tushib qolgani haqida xabar bergan edik. Pashayevaning sog‘lig‘i yaxshilanmoqda. Bu haqda deputatning yaqinlari "Trend" nashriga ma’lum qildi.
"Uning ahvoli barqaror, sog‘lig‘ida yaxshi tomonga o‘zgarishlar bor", deydi deputatning qarindoshlari.
Kecha, 24 sentyabr kuni Ganira Pashayeva kelib chiqishi noma’lum gipotonik holat tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgandi. Taxminlarga ko‘ra, deputatning komaga tushishiga dori-darmonlar sabab bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, Ganira Aleskar qizi Pashayeva 1975 yil 24 mart kuni Ozarbayjonning Tovuz viloyatida tug‘ilgan. U 1998 yildan ANS TV telekompaniyasida muxbir, bosh muharrir o‘rinbosari lavozimlarida ishlab kelgan. 2005 yilda u Haydar Aliyev jamg‘armasining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limini boshqargan. 2005 yil 6 noyabrda 105-Tovuz saylov okrugidan deputat etib saylangan.
Shu bilan birga, u 2011 yil aprel oyida Turkiyadagi arxiv materiallari va guvohlarning so‘zlariga asoslanib, XX asr boshlarida turklar armanlarga qarshi genotsid qilgani haqida film suratga olgan. U Ozarbayjon yozuvchisi G‘azanfar Pashayevning jiyani hisoblanadi.
Ganira Pashayeva O‘zbekistonga ham tez-tez kelib turadi. U so‘nggi tashrifida O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Qonunchilik palatasi va Senatida mehmon bo‘lib, deputat va senatorlar bilan muloqot qilgan edi. Shuningdek, O‘zbekiston Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov bilan ham uchrashuv o‘tkazgan. Ganira Pashayeva Samarqand, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida bir necha bor mehmon bo‘lib, O‘zbekiston haqida ozar tilida kitob nashr ettirgan.
Shuningdek, uning she’rlar to‘plami ham o‘zbek tiliga tarjima qilingan.
LiveBarchasi