“Kolya Qirg‘iz”ga tegishli avtomobillar auksionga qo‘yildi
Olam
−
22 noyabr 2023
11082Qirg‘izistonda jinoiy to‘daning o‘ldirilgan boshlig‘i Qamchibek Asanbek (Qamchi Ko‘lboyev – Kolya Qirg‘iz)ga tegishli avtomobillar kimoshdi savdosiga qo‘yildi “24.kg” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Davlat mulkini boshqarish davlat agentligi oltita avtomobilni sotish bo‘yicha elektron auksion haqida e’lon bergan. E’londa avtomashinalar Vazirlar Mahkamasiga tegishli ekani aytilgan. Holbuki, ular avval jinoiy to‘da boshlig‘iga tegishli bo‘lgan.
“Ushbu avtomashinalar Qamchibek Asanbek (Qo‘lboyev) oilasi tomonidan mulkni davlat foydasiga bepul o‘tkazish to‘g‘risidagi shartnoma asosida topshirilgan”, deyiladi agentlik xabarida.
Kimoshdi savdosiga qo‘yilgan eng qimmat avtomobillar – 2017 yilda ishlab chiqarilgan Mercedes-Benz S600 25,5 million som (286 484 AQSH dollari) va 2021 yilda ishlab chiqarilgan BMW Alpina XB7 18 million som (202 224 AQSH dollar)ga baholangan.
Bundan tashqari, 2019 yilda ishlab chiqarilgan Hyundai Genesis (31 457 AQSH dollari), 2019 yilgi Kia Rio X-LINE (12 919 AQSH dollari), 2013 yilda ishlab chiqarilgan Mercedes-Benz G500 (60 667 AQSH dollari) va Toyota Land Cruiser Prado 2005 (71 902 AQSH dollari) ham bor.
Auksion 11 dekabr kuni elektron savdo maydonchasi veb-saytida onlayn tarzda bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 oktyabr kuni qirg‘izistonlik kriminal avtoritet Qamchibek Ko‘lboyev (“Kolya Qirg‘iz”) Bishkekda qo‘lga olinayotganda mamlakat Milliy xavfsizlik xodimlari tomonidan otib o‘ldirilgandi. Shundan so‘ng, Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev To‘qmoq shahrida qo‘mitaning yangi binosi ochilishida qatnashib, jinoyatchilarga qarata “bittasi bosh ko‘tarsa, o‘sha boshni chopishi”ni aytgandi.
LiveBarchasi