Kolumbiyadagi yer silkinishida uysiz qolganlarga ijara puli beriladi
Olam
−
12:56 218 1 daqiqa
Kolumbiyada joriy yilning 10 avgust kuni sodir bo‘lgan 7,4 magnitudali zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni 265 nafarga yetdi. Kolumbiya Prezidenti Abelardo De La Espriella mamlakat poytaxti Bogotadagi San-Karlos saroyidan bayonot berib, zilzila oqibatlari bo‘yicha so‘nggi ma’lumotlarni e’lon qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tabiiy ofat oqibatida 265 kishi halok bo‘lgan, 3 494 kishi jarohatlangan, 496 kishi esa bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda.
De La Espriellaning ma’lum qilishicha, zilzila jami 52 816 kishiga ta’sir ko‘rsatgan. Shuningdek, Kali, Pereyra, Kibdo, Manisales va Armaniya shaharlarida “qizil darajadagi” favqulodda holat rejimi hamon amal qilmoqda.
Shu bilan birga, Milliy sud tibbiyoti va sud ekspertizasi instituti so‘nggi byulletenida ma’lum qilishicha, Manisales, Pereyra, Kali, Buga, Tulua, Buenaventura va Kibdo kabi shaharlardan olib kelingan 202 nafar marhumning 122 nafari shaxsini aniqlashga muvaffaq bo‘lingan.
Prezident Abelardo De La Espriella qurbonlar soni eng ko‘p qayd etilgan Pereyra shahrida chiqish qilib, zilzila oqibatida uy-joyidan ayrilgan oilalarga ijara haqini to‘lash uchun moliyaviy yordam ko‘rsatilishini bildirgan.
Avvalroq, mamlakatda 10 avgust kuni sodir bo‘lgan 7,4 magnitudali zilzila qurbonlari xotirasiga uch kunlik milliy motam e’lon qilingani xabar qilingan edi. Shuningdek, zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni 250 nafardan oshgandi.
Live
Barchasi