Kolumbiyada zilzila zarari 9,6 milliard dollarga yetdi
Olam
−
08:29 440 2 daqiqa
Kolumbiya Prezidenti Abelardo De La Espriella o‘tgan haftada sodir bo‘lgan kuchli zilzila mamlakat iqtisodiyotiga 30 trillion peso, ya’ni 9,58 milliard dollar miqdorida zarar yetkazganini ma’lum qildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
De La Espriellaning aytishicha, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, zararning 24,5 trillion pesosi binolarga, 5,5 trillion pesosi esa infratuzilmaga to‘g‘ri keladi.
“Falokat ko‘lamini bir tasavvur qilib ko‘ring. Bu dastlabki raqam bo‘lib, qo‘shimcha ma’lumotlar olingani va zilziladan zarar ko‘rgan har bir hududdagi talafot baholanishi bilan o‘zgarishi mumkin”, degan De La Espriella.
7,4 magnitudali zilzila Kolumbiya g‘arbidagi bir qator hududlarda, jumladan, mamlakatning yirik Kali va Pereyra shaharlarida binolar qulashishiga sabab bo‘lgan. Ofat oqibatida 280 kishi halok bo‘lgan, 4 mingdan ortiq kishi jarohatlangan, yana 143 kishi bedarak yo‘qolgan.
Taqqoslash uchun, qo‘shni Venesuelada 24 iyun kuni sodir bo‘lgan zilzilalar oqibatida uy-joy va infratuzilmaga yetkazilgan zarar 37 milliard dollarga baholangan. Bu dastlabki hisob-kitoblar BMTning Tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish bo‘yicha idorasi tomonidan o‘tgan oyda e’lon qilingan.
Kolumbiyadagi zilzila De La Espriella uchun prezidentlik lavozimiga kirishganidan bir necha kun o‘tib duch kelgan birinchi yirik inqiroz bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kolumbiyada joriy yilning 10 avgust kuni sodir bo‘lgan 7,4 magnitudali zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni 265 nafarga yetgandi.
Live
Barchasi