Kolumbiyada loy vulqoni otildi (video)
Olam
−
10:22 1487 1 daqiqa
Kecha, 25 fevral kuni Kolumbiyaning shimoli-g‘arbiy qismida loy vulqoni otildi. Ehtiyot chorasi sifatida yaqin atrofdagi aholini evakuatsiya qilindi. Bu haqda BNO News nashri xabar qildi.
Xabarda keltirilishicha, hodisa Antiokiya departamentiga qarashli San-Xuan-de-Uraba shahrida sodir bo‘lgan. Mahalliy rasmiylar loy vulqoni shahar suv tozalash inshooti va aholi turar joy punktiga yaqin hududda otilganini ma’lum qilgan.
Hozircha jabrlanganlar qayd etilmagan. Ayni paytda faqat Siete-Vueltas tumani tomon olib boruvchi yo‘lga zarar yetgan, xolos.
Bu kabi loy vulqonlari loy, suv va metan kabi gazlar aralashmasini otilib chiqaradigan geologik qorishmadan yuzaga keladi. Magmatik vulqonlardan farqli ravishda ularda erigan lava bo‘lmaydi, biroq gazlar alangalanishi oqibatida ba’zan bosim bilan otilib chiqishi va yong‘inlarga olib kelishi mumkin.
Kolumbiyada, ayniqsa, Karib dengizi sohillari bo‘ylab, o‘nlab loy vulqonlari mavjud. Mamlakat, shuningdek, Tinch okeani bo‘ylab joylashgan “Olov halqasi” hududida joylashgan bo‘lib, bir nechta faol magmatik vulqonlarga ham ega. Shunga qaramay, loy vulqonlari asosan pasttekislikdagi qirg‘oq hududlarida ko‘proq uchraydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Filippin vulqonshunoslik va seysmologiya instituti (Phivolcs) Mayon vulqoni bo‘yicha ogohlantirish darajasini besh bosqichli shkalada uchinchi darajaga ko‘targandi.
Live
Barchasi