Kolumbiya rekord darajadagi kokainni musodara qildi

Olam

image

Kolumbiya huquq-tartibot idoralari 225 tonna kokainni musodara qilib, jahon rekordini o‘rnatdi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, olti hafta davom etgan “Orion" operatsiyasi davomida Kolumbiya huquq-tartibot idoralari va ularning 62 davlatdagi hamkasblari kokain olib ketayotgan oltita dengiz kemasini to‘xtatib, jami 1400 tonna narkotik moddalarni, jumladan 1000 tonnadan ortiq marixuana va 225 tonna kokainni musodara qilgan. Noqonuniy yuklarning bir qismi Avstraliyaga giyohvand moddalar savdosining yangi yo‘nalishi bo‘yicha ketayotgan suvosti kemasidan topilgan.

Shu bilan birga, giyohvandlikka qarshi tadbirlar davomida noqonuniy qurol-yarog‘ yetkazib berilishiga ham chek qo‘yilib,  jami 400 dan ortiq savdogarlar  hibsga olingan.

“Orion” operatsiyasi davomida ishtirokchi davlatlar – Meksika, Braziliya, Kolumbiya, Ekvador va Perudagi jinoiy guruhlar bilan Yevropa va Okeaniya narkomafiyalari o‘rtasidagi yangi aloqalar aniqlangan.

Ma’lum qilinishicha, Kolumbiya dunyodagi eng yirik kokain eksportchisi hisoblanadi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda kokain ishlab chiqarish 53 foizga oshib, yiliga 2600 tonnaga yetgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Meksikaning Harbiy-dengiz kuchlari vazirligi Michoakan shtati sohillari yaqinida og‘irligi 8,3 tonnaga teng bo‘lgan rekord darajadagi narkotik partiyasini musodara qilgan edi.

Gulirano Jo‘raqulova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Kolumbiya kokain

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing