Kolumbiya Prezidenti Karib dengizidagi xazinani olib chiqishni buyurdi
Bu qiziq
−
07 noyabr 2023
12526Kolumbiya Prezidenti Gustavo Petro 1708 yilda Karib dengizi tubiga cho‘kib ketgan “San-Xose” kemasini quruqlikka olib chiqishni buyurdi. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Kolumbiya Prezidenti Gustavo Petro prezidentlik muddati tugagunga qadar, ya’ni 2026 yilgacha Ispaniya harbiy-dengiz kuchlarining 62 qurolli 3 ustunli galeoni – “San-Xose”ni qirg‘oqqa chiqarish istagida. Petro loyihani amalga oshirish uchun davlat-xususiy sheriklikni yo‘lga qo‘yishni so‘ragan.
Biroq xazinaga Amerikaning Sea Search Armada kompaniyasi ham da’vogarlik qilmoqda. Chunki kompaniya 1981 yilda kema qoldiqlarini birinchi bo‘lib aniqlagan. 2015 yilda esa Kolumbiyaning sobiq prezidenti Xuan Manuel Santos mamlakat harbiy-dengiz kuchlari Kolumbiya hududiy suvlari tubida taxminan 700 metr chuqurlikda cho‘kib ketgan tarixiy kema bo‘laklarini aniqlaganini qayd etgan.
Gap shundaki, “San-Xose” kemasi 1708 yilda ingliz eskadroni bilan jangda bortidagi yong‘in sabab Karib dengizi tubiga g‘arq bo‘lgan. Mutaxassislarning fikricha, galeon bortida oltin, kumush va zumrad bilan to‘ldirilgan sandiqlar bo‘lgan. Hozirda mazkur xazinaning taxminiy qiymati 4 milliard dollardan 20 milliard dollargacha baholanmoqda.
Shu bois, Sea Search Armada kompaniyasi sud orqali Kolumbiya rasmiylaridan 10 milliard dollar talab qilmoqda.
LiveBarchasi