Kollej va texnikumlarga kirish uchun imtihon o‘tkazish tartibi belgilandi

Jamiyat 5247
image

O‘zbekistondagi kollej va texnikumlarga qabul test sinovlari joriy yilning 20 noyabridan 30 noyabrga qadar (30 noyabr kuni ham) o‘tkaziladi. bu haqda O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi majlisining 7-son bayonida belgilandi.

Davlat komissiyasining bayoniga muvofiq 128 ta kollej va 50 ta texnikumga kirish istagida bo‘lgan jami 200 ming nafardan ortiq abituriyentga test sinovi o‘tkazilishi ko‘zda tutilmoqda.

Test sinovlari katta sig‘imli binolarda kuniga ikki smenada o‘tkaziladi va abituriyentlardan test sinovlari o‘tkaziladigan hududga belgilangan vaqtdan 1 soat oldin kelishlari talab etiladi.

Test sinovlari o‘tkaziladigan hududga abituriyentlar pasporti va ruxsatnomasi orqali kiritiladi.

Test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, topshiriqlar soni hamda ularni baholash mezonlari

Test sinovlari mutaxassisliklarga mos 2 ta fandan o‘zbek, rus va qoraqalpoq tillarida o‘tkaziladi. Test topshiriqlari soni har bir fan bo‘yicha 30 tadan, jami 60 tani tashkil etadi.

Bunda, ballar quyidagicha belgilanadi:

•    fan – 30 ta savol. Har biri uchun 3.2 balldan. Maksimal ball – 96 ball.

•    fan – 30 ta savol. Har biri uchun 3.1 balldan. Maksimal ball – 93 ball.

Jami to‘plash mumkin bo‘lgan maksimal ball – 189 ball.

Test topshiriqlarini bajarish uchun (javoblar varaqasini to‘ldirish bilan birga) har 30 ta test topshirig‘iga 1 soat vaqt ajratiladi.

Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan “Professional ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida nizom”ning 2-ilovasida “Professional ta’lim muassasalariga abituriyentlarni test sinovlari orqali qabul qilish tartibi” belgilab berilgan xabar qilingandi.

Sunnatilla Abdullayev
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 163
Reyting: 3
t
×