Kobaxidze Mirziyoyev bilan uchrashdi
Jamiyat
−
05 mart
4672Bugun, 5 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, uchrashuv avvalida mehmon davlat rahbariga Gruziya Prezidenti Mixail Kavelashvilining salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazgan.
Uchrashuv davomida savdo-iqtisodiyot, investitsiya, transport-logistika, turizm va madaniyat sohalaridagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilgan.
Qolaversa, parlamentlar va hukumatlar darajasidagi aloqalar faollashgani alohida mamnuniyat bilan qayd etilgan.
“2024 yilda o‘zaro tovar ayirboshlash 50 foizga oshdi, qo‘shma korxonalar soni va yuk aylanmasi hajmi ko‘paydi. Poytaxtlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareyslar amalga oshirilmoqda”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, gumanitar yo‘nalishda o‘tgan yili Tbilisi shahrida O‘zbekiston madaniyati va kinosi kunlari muvaffaqiyatli o‘tkazilgani ham qo‘shimcha qilingan.
Suhbatda shu kunlarda Toshkent shahrida o‘tgan hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishining yakunlari yuksak baholangan.
Tovar ayirboshlash sur’atini saqlab qolish, eksport va import mutanosibligini ta’minlash, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini ilgari surish, transport-tranzit salohiyatidan samarali foydalanish, shuningdek, ikki mamlakat hududlarini iqtisodiy hamkorlikka faol jalb qilish bo‘yicha o‘zaro muvofiqlashgan choralar ko‘rish muhimligi qayd etilgan.
Qolaversa, raqamlashtirish va turizm infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi sheriklik va almashinuvlarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilgan.
“Erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish maqsadida kelgusida O‘zbekiston va Gruziya hukumatlari darajasida yaqindan hamkorlik qilishga kelishib olindi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 4 mart kuni Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze rasmiy tashrif bilan Toshkentga kelgandi. Keyinroq, Kobaxidze O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov hamrohligida “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga tashrif buyurib, Mustaqillik monumenti poyiga gul qo‘ydi. Qolaversa, Oliy Majlis Senatida Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze rahbarligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv ham bo‘lib o‘tdi.
LiveBarchasi