KXSHTga a’zo davlatlarning qonunchiligini o‘zgartirish taklif qilindi

Olam

image

Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXSHT) Mudofaa vazirlari kengashi a’zolari jamoaviy xavfsizlik kuchlarini joylashtirish bo‘yicha tezkor qarorlar qabul qilinishini ta’minlash uchun tashkilot va uning a’zolarining huquqiy asoslarini o‘zgartirish zarur, deb hisoblaydi. Bu haqda bugun, 25 may kuni kengash yig‘ilishidan keyin o‘tkazilgan brifingda Belarus Mudofaa vaziri, general-leytenant Viktor Xrenin ma’lum qildi.

“Biz tashkilotning me’yoriy-huquqiy bazasiga va davlatlarimizning milliy qonunchilik bazasiga o‘zgartirishlar kiritish zarurligini ta’kidladik, ular jamoaviy xavfsizlik kuchlarini qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilishning tezkorligini belgilaydi”, degan Viktor Xrenin.

Uning ta’kidlashicha, KXSHTga a’zo barcha mamlakatlar mudofaa idoralari vakillari, shuningdek, tashkilot Bosh kotibi Imangali Tasmagambetov va Birlashgan shtab boshlig‘i Anatoliy Sidorov ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilish formati tashkilot faoliyati, harbiy tarkibiy tuzilmalarni rivojlantirishning yangi shakllari va usullarini ishlab chiqish bo‘yicha yakuniy xulosalar chiqarish imkonini bergan.

“Bundan tashqari, men hamkasblarim bilan vujudga kelayotgan chaqiriq va tahdidlarga inqirozga qarshi choralar ko‘rish samaradorligini oshirish masalalarini muhokama qildik”, deydi vazir.

Shuningdek, Xrenin Belarusning 2023 yilda KXSHTga raisligining ustuvor yo‘nalishlari tashkilot mas’uliyati doirasidagi mojarolar potensialini kamaytirish va o‘zaro ishonch choralarini kuchaytirishdan iborat ekanini bildirgan. 

“Bugungi yig‘ilish va qabul qilingan qarorlar xalqaro tashkilotlar tizimidagi tashkilotimizni mustahkamlashga xizmat qiladi”, deya ishonch bildirgan Xrenin.

Belarus Mudofaa vazirligi matbuot xizmati esa KXSHT Mudofaa vazirlari kengashining yig‘ilishida 2024 yilga mo‘ljallangan jamoaviy xavfsizlik tizimi qo‘mondonlik-nazorat organlari va vositalarini birgalikda tayyorlash rejasi ko‘rib chiqilgani hamda tasdiqlanganini e’lon qilgan. Shuningdek, yig‘ilishda 2030 yilgacha bo‘lgan davrda KXSHT kollektiv xavfsizlik tizimining kuch va vositalarini birgalikda tayyorlash bo‘yicha chora-tadbirlar ro‘yxati tasdiqlangan, bu esa qo‘shma tadbirlarni yillik rejalashtirish uchun asos hisoblanadi. Bundan tashqari, kengash 2023 yilga mo‘ljallangan KXSHT jamoaviy xavfsizlik tizimi kuchlari va vositalarini qo‘mondonlik-nazorat qilish organlarini birgalikda tayyorlash rejasiga qator o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilgan. Mudofaa vazirliklari vakillari KXSHT kollektiv kuchlarini ta’minlash uchun materiallar zaxiralari to‘g‘risidagi nizomni va Qurolli kuchlar ta’minotini kataloglash bo‘yicha davlatlararo tizimining uslubiy hujjatlarini tasdiqlagan.

“Mudofaa vazirlari kengashi KXSHT tinchlikparvarlik faoliyatiga hissa qo‘shgan shaxslarni mukofotlash uchun “Tinchlik uchun birga” medalini ta’sis etish to‘g‘risidagi hujjatlarni Kollektiv xavfsizlik kengashiga taqdim etishga qaror qildi”, deyiladi matbuot xizmati xabarida.

Ma’lumot uchun, KXSHTga Belarus, Rossiya, Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston kiradi.


Maqola muallifi

Teglar

Minsk KXShT Mudofaa vazirlari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing