KXSHT tinchlikparvar kuchlar qo‘mondonligining yangi tuzilmasini tasdiqladi
Olam
−
23 noyabr 2023
4504Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotiga a’zo davlatlarning mudofaa vazirliklari rahbarlari KXSHT Kollektiv tezkor kuchlari harbiy kontingentlari va maxsus bo‘linmalari, tinchlikparvar kontingentlari, Markaziy Osiyo Kollektiv xavfsizlik mintaqasi jamoaviy tezkor qo‘shinlari va KXSHT Kollektiv aviatsiya kuchlarining milliy kontingentlari tarkibini takomillashtirish bo‘yicha takliflarni ma’qulladilar. Bu haqda Belarus Mudofaa vazirligi xabar berdi.
“KXSHT Kollektiv tinchlikparvar kuchlari birlashgan qo‘mondonligining yangi tuzilmasi, KXSHTga a’zo davlatlar tomonidan KXSHT Kollektiv tinchlikparvar kuchlarini shakllantirish, tayyorlash va muvofiqlashtirishni ta’minlash uchun ajratiladigan o‘quv poligonlari va o‘quv markazlari ro‘yxati tasdiqlandi”, deyiladi Belarus Mudofaa vazirligi xabarida.
Qayd etilishicha, uchrashuv chog‘ida KXSHT qo‘shinlari guruhlarida (Kollektiv kuchlar) aloqalarni tashkil etish va ularning kontingentlari o‘rtasida materiallarni o‘tkazish tartibi bo‘yicha tavsiyalar kelishib olingan. Mudofaa vazirlari KXSHTga a’zo davlatlar qurolli kuchlarining axborot xavfsizligi sohasida bazaviy tadqiqot tashkiloti to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlagan.
Kecha, 22 noyabr kuni Minskda KXSHTga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashi, Mudofaa vazirlari kengashi va Xavfsizlik kengashlari kotiblari qo‘mitasining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi.
LiveBarchasi