KXSHT hech kimga tahdid qilmaydi, boshqalarning ishiga aralashmaydi – Aleynik

Olam

image

Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotiga a’zo davlatlar fikricha, G‘arb siyosatchilarining mas’uliyatsiz ritorikasi va tashkilotning g‘arbiy qanotida NATO salohiyatining kuchayishi fonida global va mintaqaviy xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat yomonlashishda davom etmoqda. Bu haqda kecha, 22 noyabr kuni Minskda bo‘lib o‘tgan KXSHTga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashi, Mudofaa vazirlari kengashi va Xavfsizlik kengashlari kotiblari qo‘mitasining qo‘shma majlisi yakunlari bo‘yicha Belarus Tashqi ishlar vaziri Sergey Aleynik ma’lum qildi. 

“Biz barchamiz bir fikrga keldikki, xalqaro va mintaqaviy xavfsizlik sohasidagi vaziyat, afsuski, yomonlashishda davom etmoqda. Global miqyosda bu xalqaro munosabatlarning tizimli inqirozi va eski dunyo tartibining muqarrar o‘zgarishi bilan bog‘liq. Afsuski, mas’uliyatsiz siyosiy qarorlar tufayli qurolsizlanish va qurollarni nazorat qilish mexanizmlarini ataylab yo‘q qilish davom etmoqda”, deydi. 

Aleynikning urg‘ulashicha, NATOga a’zo davlatlar Yevropada oddiy qurolli kuchlar to‘g‘risidagi shartnomaning amal qilishini to‘xtatib qo‘ygani bunday harakatlarning so‘nggi misoli bo‘lgan. 

Belarus TIV rahbarining ta’kidlashicha, bir qator G‘arb siyosatchilari tomonidan o‘zaro ishonchning yo‘qligi, qarama-qarshilikning chuqurlashishi va ochiq militaristik mas’uliyatsiz ritorika bu nozik masala bo‘yicha muloqotni qayta boshlashga yordam bermaydi.

“[KXSHTning] g‘arbiy qanotida allaqachon blokga a’zolik bilan himoyalangan NATOga a’zo mamlakatlarning harbiy salohiyati nomutanosib va asossiz ravishda oshirilmoqda”, deydi vazir.

U NATO davlatlari ko‘plab mashqlarni KXSHT mas’uliyat zonasiga yaqin joyda o‘tkazayotganini qoraladi. 

“Men buni yana bir bor ta’kidlamoqchiman, bizning tashkilot mudofaa xarakteriga ega, hech kimga tahdid qilmaydi, boshqalarning ishiga aralashmaydi va doimo o‘zaro hurmatli muloqot, vaziyatni yumshatish va aql-idrokni himoya qilgan va himoya qiladi”, deydi u.

Bugun, 23 noyabr kuni Belarus poytaxti Minskda Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotining sammiti Aleksandr Lukashenko boshchiligida bo‘lib o‘tadi. Unda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov va Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon ishtirok etadi. Tashkilotning yana bir a’zosi – Armaniston Bosh vaziri Nikol Mashinyan esa allaqachon sammitga kelmasligini bildirgan. 

Kreml matbuot xizmati xabar berishicha, KXSHT Kengashi sessiyasi kun tartibiga KXSHT a’zolari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik masalalari, jumladan, jamoaviy xavfsizlik tizimini yanada takomillashtirish, shuningdek, dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolar kiradi. Tashkilotning maqsadlari – tinchlik, xalqaro va mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash, a’zo davlatlarning mustaqilligi, hududiy yaxlitligi va suverenitetini jamoaviy asosda himoya qilish. 


Maqola muallifi

Teglar

KXShT

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing