KXSHT harbiy tahdidlarga qarshi yangi turdagi qurollar ishlatmoqchi

Olam

image

Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (unga Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Armaniston kiradi) ilk bor o‘zining asosiy hujjatlariga gipertovushli, lazerli qurol va uchuvchisiz tizimlar kabi yangi turdagi qurollarni kiritadi. Bu haqda KXSHTning Parlament assambleyasi mudofaa va xavfsizlik masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi rahbari Anatoliy Viborniyga tayanib, “Izvestiya” xabar berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, xorijiy maxsus xizmatlar, terroristik va ekstremistik tuzilmalar Rossiya va KXSHTning boshqa a’zolariga qarshi razvedka hamda vayronkorlik faoliyatini bir necha barobar faollashtirgan. Shu sababli, tashkilotga a’zo davlatlar ushbu qurollardan harbiy tahdidlarga javob sifatida foydalanishni kelishib olmoqda.

“Biz uchun yaqin hamkorlik qilish, yangi turdagi qurollar bo‘yicha texnologiyalar, tajribalar, razvedka ma’lumotlarini almashish muhim, shunda xavflardan bir qadam oldinda bo‘lamiz”, deydi parlament a’zosi.

Uning ta’kidlashicha, tashkilotga a’zo davlatlar joriy yilning 7 oktyabr kuni Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tadigan komissiya yig‘ilishida “KXSHT a’zolarining yangi turdagi qurollar va texnologiyalardan foydalanishda hamkorligi to‘g‘risida model (namunaviy) bitim”ni muhokama qilishi lozim. Hujjatda “qurolli kurashda dushmanni yo‘q qilish uchun mo‘ljallangan qurilmalar va buyumlar, shuningdek, zamonaviy va kelajakdagi fan-texnika yutuqlariga asoslangan majmua va vositalar, jumladan, o‘limga olib kelmaydigan, psixofizik va boshqa ta’sir choralaridan foydalanish orqali dushmanni tinchlikka majburlash” haqida so‘z yuritiladi.

KXSHT Birlashgan shtabi boshlig‘i Andrey Serdyukov nashrga bergan intervyusida bitim yangi turdagi qurol va texnologiyalardan foydalanishda qo‘shma rejalashtirish va kollektiv hamkorlikni, shuningdek, ularni ishlab chiqish va qo‘llashda qo‘shma ekspertiza va axborot ta’minotini nazarda tutishini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyida Qirg‘izistonning Bishkek shahrdagi “Ala-Archa” davlat qarorgohida Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti Parlament Assambleyasi Kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tgandi.


Maqola muallifi

Teglar

KXShT Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing