KXDR Janubiy Koreya bilan chegaradagi qo‘shinlarini jangovar holatga keltirmoqchi
Olam
−
12 Oktabr
3483KXDR Janubiy Koreya bilan chegaradagi qo‘shinlarini jangovar shay holatga keltirishi mumkin. Bu haqda Shimoliy Koreya Tashqi ishlar vazirligi bayonot e’lon qildi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, 3, 9 va 10 oktyabr kunlari Janubiy Koreya dronlari Shimoliy Koreya poytaxti Pxenyan ustida paydo bo‘lib, ko‘plab tashviqot varaqalarini tarqatgan. Biroq “Yonhap” agentligi Janubiy Koreya Bosh shtab boshliqlari qo‘mitasiga tayanib, Pxenyan tomonidan berilgan ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini xabar qildi.
“Harbiy vazirlik, Bosh shtab, harbiy kuchlar har qanday vaziyatni e’tiborga olib javob berishga tayyorgarlik ko‘rishni boshladi. Eng avvalo, Janubiy Koreyaning harbiy tuzilmasini yo‘q qilish va janubiy chegara hududlarida joylashishni ta’minlash uchun mo‘ljallangan barcha hujumkor vositalar o‘z burchlarini har qanday vaqtda bajarishga tayyor bo‘ladi", deyiladi KXDR TIV bayonotida.
Bundan tashqari, vazirlik Janubiy Koreyani provokatsiyalarni davom ettirsa, dahshatli vaziyatga duch kelishidan ogohlantirgan.
Shimoliy Koreyaning davlatga qarashli axborot agentligi dron va undagi varaqalar tasvirlarini e’lon qilgan. Ularda “sotib olishingiz mumkin bo‘lgan oziq-ovqatlarni taqqoslang” va “Shimoliy Koreya iqtisodiyoti jahannamga qulamoqda” kabi yozuvlar mavjud.
Ma’lumot uchun, ko‘p yillardan beri janubiy koreyalik faollar va Shimoliy Koreyadan qochib o‘tganlar sharlarga Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inni tanqid qiluvchi targ‘ibot materiallarini yuklab, KXDR tomonga yuborib keladi. Sharlarga K-pop qo‘shiqlari va Janubiy Koreya teleko‘rsatuvlari yuklangan USB flesh-disklar ham qo‘shiladi — bularning barchasi qattiq izolyatsiyalangan mamlakatda qat’iyan taqiqlangan. Ba’zi faollar hatto GPS trekerlari bilan jihozlangan aqlli sharlardan foydalangan. Ular esa yuzlab kilometrlarni bosib o‘ta oladi.
Bunga javoban Shimoliy Koreya 2023 yil may oyidan beri Janubiy Koreyaga mingdan ortiq chiqindi va qurtlar bilan to‘ldirilgan sharlarni yuborib keladi. Bundan tashqari, 2022 yilda Shimoliy Koreya ham Janubiy Koreya havo hududiga beshta dron yuborgan. Ulardan to‘rttasi Gangxva oroli ustida, yana biri esa Seulning shimoliy havo hududi ustidan uchgan.
2020 yilda Janubiy Koreya Shimol bilan muloqotni rivojlantirishga intilgan liberal hukumatning talabi bilan mamlakatga qarshi targ‘ibot varaqalarini chegaradan oshirib yuborishni jinoyat deb hisoblovchi qonun qabul qilgan. Ammo, ko‘plab faollar bu qonunni e’tiborsiz qoldirgan. Shundan keyin, qonun Shimoliy Koreyadan qochib o‘tgan faollar shikoyati asosida sud tomonidan bekor qilingan va sud uni so‘z erkinligini haddan tashqari cheklovchi qonun deb atagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shimoliy Koreya axlat bilan to‘ldirilgan sharlarni Janubiy Koreya tomon uchirgani xabar qilingan edi. Sharlar ichida asosan qog‘oz va plastmassa chiqindilari borligi hamda ular sog‘liq uchun xavf tug‘dirmasligi ma’lum bo‘lgan.
LiveBarchasi