KXDR Ukrainadagi urushga 12 ming askar yubormoqda – razvedka
Olam
−
18 Oktabr
6208Shimoliy Koreya Rossiyaning Ukrainadagi urushida qatnashish uchun 12 000 askarni yuborayotgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda Janubiy Koreya razvedkasiga tayanib, CNN xabar berdi.
Janubiy Koreya razvedkasi KXDRning Rossiyaga yordam berish uchun Ukraina urushiga qo‘shilayotgani haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilgan. Unga ko‘ra, Shimoliy Koreya allaqachon 12 ming askarni to‘rt brigadaga bo‘lgan holda yuboryapti. Bu ma’lumotlar Shimoliy Koreya va G‘arb o‘rtasidagi ziddiyatni yanada kuchaytirishi mumkin.
Agar ushbu xabarlar tasdiqlansa, bu Shimoliy Koreyaning birinchi katta xorijiy urushda ishtiroki bo‘ladi. O‘z o‘rnida, mamlakat dunyodagi eng katta harbiy kuchlardan biriga ega bo‘lib, 1,2 million askari bor, lekin ularda jangovar tajriba mavjud emas.
Nashrning yozishicha, ko‘plab mutaxassislar Shimoliy Koreya askarlarining Rossiyaga qandaydir foyda keltira olishiga shubha bildirmoqda, chunki ularning harbiy texnikasi eskirgan va jangovar tajribasi kam.
Xabarlar fonida Janubiy Koreya Prezidenti Yun Sok Yol bugun, 18 oktyabr kuni shoshilinch yig‘ilish o‘tkazgani haqida bayonot bergan. Yig‘ilishda Shimoliy Koreya askarlarining Ukrainaga yuborilishi Janubiy Koreya va xalqaro hamjamiyat uchun jiddiy xavfsizlik tahdidi sifatida baholangan.
Biroq Rossiya KXDR askarlaridan foydalanayotganini rad etgan, xususan, Kreml voizi Dmitriy Peskov buni “yana bir feyk xabar” deb atagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina bilan urushda Rossiya tomonidan xizmat qilayotgan shimoliy koreyalik 18 harbiy Bryansk va Kursk viloyatlari chegarasidagi pozitsiyalarni tashlab qochib ketgani xabar qilingan edi.
LiveBarchasi