KXDR Isroildan G‘azodan chiqib ketishni talab qildi

Olam

image

KXDR Tashqi ishlar vazirligi Isroilning G‘azo shahrining butun hududini nazorat ostiga olish rejasini qoraladi va G‘azo sektoridan chiqishni talab qildi. Koreya Markaziy telegraf agentligi vazirlikning rasmiy vakili bayonotini e’lon qildi.

“Isroil hukumati tomonidan Falastin sektorini to‘liq egallash to‘g‘risidagi “qaror” xalqaro huquqni ochiqchasiga buzadi va xalqaro miqyosda tan olingan Falastin hududini bosib olishga intilish orqali namoyon bo‘layotgan talonchilik mohiyatini yaqqol ko‘rsatadi”, deyiladi bayonotda.

Pxenyan G‘azo sektorining hududiy mansubligi va aholisi tarkibini bir tomonlama o‘zgartirishga urinishlarni qabul qilib bo‘lmasligini ta’kidlamoqda.

“Biz Isroildan falastinliklarga nisbatan noqonuniy qurolli hujumni darhol to‘xtatishni va G‘azo sektoridan butunlay chiqib ketishni qat’iy talab qilamiz”, deyiladi bayonotda.

Eslatib ztamiz, joriy yilning 8 avgustga o‘tar kechasi Isroil hukumati HAMAS harakatini “mag‘lubiyatga uchratish” va G‘azo shahri ustidan nazorat o‘rnatish rejasini ma’qullagandi. Bu qaror Isroilning yuqori martabali amaldorlarining tungi uchrashuvidan so‘ng – urushni to‘xtatish bo‘yicha xalqaro chaqiriqlar kuchayib borayotganiga va HAMAS tomonidan garovga olinganlar taqdiridan qo‘rqqan ko‘plab isroilliklarning noroziliklariga qaramay qabul qilingan.

Shundan so‘ng, dastlab Isroil muxolifati hukumatning ushbu rejasini keskin tanqid qildi. Xususan, muxolifat yetakchisi Yair Lapid Vazirlar Mahkamasining G‘azoni egallash haqidagi qarori “ko‘plab boshqa muammolarga olib kelishi”ni aytdi.

Keyinroq esa ushbu qaror ortidan Germaniya “keyingi xabargacha” Isroilga qurol-yarog‘ yetkazib berishni to‘xtatdi. Biroq Germaniyaning Xristian-demokratik ittifoqi (XDI) partiyasidan bir qator deputatlar  Germaniya kansleri Fridrix Mersning ushbu qarorini keskin tanqid qildi.

Joriy yilning 9 avgust kuni esa Germaniya, Italiya, Buyuk Britaniya, Avstraliya va Yangi Zelandiya Isroil hukumatining G‘azo shahrini nazoratga olishni ko‘zda tutuvchi yangi hujum amaliyotini boshlash qarorini qoralab, qo‘shma bayonot bilan chiqdi.


Maqola muallifi

Teglar

KXDR Isroil G'azo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing