KXDR askarlari Ukrainaga qarshi urushga jo‘natilganini bilmagan – WSJ
Olam
−
01 mart 2025 8028 4 daqiqa
Ukraina frontiga yuborilgan KXDR askarlari Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush haqida hech narsa bilmagan va ular Janubiy Koreyaga qarshi jang qilamiz deb o‘ylagan. Bu haqda Rossiya tomonida jang qilgan va 2024 yil yanvar oyida asirga tushgan 21 yoshli Pak hamda 26 yoshli Ri “The Wall Street Journal” nashri bilan suhbatda ma’lum qildi.
Nashrning yozishicha, Pak 17 yoshidan boshlab KXDR armiyasida mergan sifatida xizmat qilgan bo‘lib, 2021 yilda harbiy xizmatga chaqirilgan. Shundan beri u oilasini ko‘rmagan, doimiy ravishda harbiy mashg‘ulotlar yoki KXDRning turli hududlarida yirik qurilish loyihalarida qatnashgan.
Pakning ota-onasi shifokor va sotuvchi bo‘lib, KXDRdagi “imtiyozli sinf” vakillari hisoblanadi. Pak maktabda ingliz tilini o‘rgangan va futbol o‘ynagan. Uning aytishicha, bolaligidan sayohat qilishni orzu qilgan, biroq bu amalga oshmasligini tushungan.
2024 yil noyabr oyida Pak boshqa KXDR askarlari bilan birga poyezdda Rossiyaning Uzoq Sharqdagi hududlaridan biriga olib borilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, unga Rossiya armiyasi formasi, harbiy jihozlar va Rossiya harbiy guvohnomasi berilgan.
“Men Rossiyaga kelayotganimni bilmasdim, faqat yetib kelganimda tushundim”, deydi u.
Pak harbiy tayyorgarlik lageriga yuborilgan. U bu tayyorgarlikni KXDRda o‘qigan mashg‘ulotlariga o‘xshash deb ataydi, ammo asosiy farq jang maydonida dronlardan foydalanish bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, rossiyalik instruktorlar koreys tilidan tarjimonlar orqali KXDR askarlariga Rossiya qo‘shinlari dronlardan qanday foydalanishini tushuntirgan.
Pak o‘zining jang maydonida ekanini faqat Kursk viloyatidagi oldingi chiziqqa olib borilganidan keyin tushungan.
“Men urush haqida faqat eshitgan edim, ammo unga tushib qolish mutlaqo boshqacha narsa ekan”, deydi u.
KXDRda “snayper” bo‘lib xizmat qilgan Ri esa jurnalistlarga KXDR komandirlari tomonidan janubiy koreyalik askarlar Ukrainaga yordam berayotgani haqida aytilgan gaplar uni jangga undaganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaga ketayotganda u “haqiqiy jangovar tajriba” orttirishni xohlagan. Kurskda unga Rossiya hududini “Ukraina okkupatsiyasidan ozod qilish” amaliyotida qatnashishi aytilgan.
“Men Rossiya mening vatanimdek jang qildim. Negaligini bilmayman, lekin men qo‘rqmadim”, deydi u.
Pak va Ri 9 yanvar kuni Kursk viloyatida Ukraina Qurolli kuchlari bilan bo‘lgan jangda asirga tushgan. Pak va yana 10 nafar KXDR askari ukrainaliklar foydalanayotgan yo‘lni to‘sish uchun yuborilgan. KXDR askarlari artilleriya hujumiga uchragan. Pak ikkala oyog‘idan jarohat olib, besh kun davomida yerda yotgan va Ukraina askarlari tomonidan topilganidan so‘ng omon qolgan. Uning otryadidagi boshqa askarlar halok bo‘lgan yoki chekingan.
Pakning so‘zlariga ko‘ra, yarador bo‘lganidan keyin u o‘z joniga qasd qilishni o‘ylagan, chunki komandirlari dushmanga tiriklayin taslim bo‘lmaslikni buyurgan.
“Siz shunday qilish kerak deb o‘ylaysiz. Sizdan bunday qarorni o‘zingiz qabul qilishingiz kutiladi”, dedi u.
WSJ’ga ko‘ra, Pak o‘zini o‘ldirishga ulgurmasidan hushidan ketgan. Ukraina harbiylarining aytishicha, ular unga yaqinlashganida u granatani qo‘liga olib, o‘zini portlatish bilan tahdid qilgan. Ukraina shifokorlari gangrena tufayli uning oyog‘idagi bir necha barmoqlarini kesib tashlagan.
Ri esa o‘sha kuni og‘ir ahvolda topilgan. U qo‘li va jag‘idan yaralangan bo‘lib, jurnalistlar bilan gaplashishda qiyinchilik chekkan.
KXDR askarlari hozirda Kiyevda harbiy asirlar uchun mo‘ljallangan muassasada saqlanmoqda. Ular jarohatlaridan davolanmoqda va so‘roq qilinmoqda. Janubiy Koreya hukumati KXDR asirlarini qabul qilishga tayyorligini bildirgan, biroq ular vataniga qaytgan taqdirda ta’qibga uchrashi mumkin. Asirlardan biri Janubiy Koreyaga ketish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini aytgan. Ukraina va Janubiy Koreya rasmiylari bu borada muzokaralar olib bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bir necha hafta davom etgan tanaffusdan so‘ng Shimoliy Koreya qo‘shinlari yana Rossiyaning Kursk viloyatidagi faol jangovar harakatlarga qaytganini aytgan edi. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Kursk yaqinidagi janglarda “bosqinchilarning katta qismi yo‘q qilingan – gap yuzlab Rossiya va Shimoliy Koreya askarlari haqida ketmoqda”.