KXDR askarlari Qrimga joylashtirilishi mumkin
Olam
−
04 aprel
3980Joriy yilning 26 mart kuni internetda Shimoliy Koreyaga tegishli bir nechta “Koksan” og‘ir artilleriya qurilmalari Qrimning shimoliy qismiga temiryo‘l orqali olib ketilayotgani aks etgan video tarqaldi. Bu KXDR askarlarining Ukraina hududiga joylashtirilishini anglatishi mumkin. Bu haqda Germaniyaning ZDF telekanali xabar berdi.
Telekanalga ko‘ra, diametri 170 mm bo‘lgan ushbu artilleriya qurollari Rossiyaning Kursk viloyatidagi janglarda katta rol o‘ynagan, sababi ularning zarba radiusi keng. ZDF ma’lumotiga ko‘ra, Ukraina beshta “Koksan” qurilmasini dronlar yordamida yo‘q qilgan, biroq Shimoliy Koreya Rossiyaga jami 200 ta shunday qurilma topshirgan.
Ayni paytgacha Shimoliy Koreya qo‘shinlari faqat Kursk viloyatida jangovar harakatlarda qatnashgan. Biroq bu holat o‘zgarishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.
“Ammo “Koksan” artilleriya majmualarining Ukraina hududida mavjudligi siyosiy jihatdan muhim eskalatsiya – ya’ni Shimoliy Koreya quruqlikdagi qo‘shinlarining Ukrainada tezkor jangovar joylashtirilishi ehtimoli borligidan dalolat beradi”, deyiladi xabarda.
“Koksan” 40 km gacha bo‘lgan masofaga zarba bera oladi, raketali snaryadlar bilan esa 60 km masofani ham nishonga olishi mumkin. Jurnalistlarning taxminicha, agar Rossiya janubda Shimoliy Koreya artilleriyasini joylashtirsa, bu Xerson va Zaporoje shaharlari uchun xavf tug‘diradi.
KXDRning Ukraina urushidagi ishtiroki
Shimoliy Koreya o‘tgan yil kuzida Rossiyaga harbiylar yuborgan edi. Ukraina razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, ularning soni 10-12 ming kishi atrofida bo‘lgan. Ular Kursk viloyatidagi janglarda ishtirok etmoqda. Yo‘qotishlar sababli KXDR qo‘shinlari vaqtincha front chizig‘idan olib chiqilgan, biroq keyinchalik Rossiya ularni yana jangga tashlagan.
OAV xabariga ko‘ra, Shimoliy Koreya Rossiyaga askar yuborish evaziga Moskvadan bir necha turdagi dronlarni ishlab chiqish uchun texnik yordam olmoqda. Janubiy Koreya harbiylarining ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar va fevral oylarida KXDR Rossiyaga yana taxminan 3 ming askar yuborgan.
LiveBarchasi