KXDR AQSHning harakatlariga javoban ballistik raketa uchirdi (fotoreportaj)

Olam

image

Kecha, 18 dekabr kuni Shimoliy Koreya AQSH va Janubiy Koreyaning dushmanlik harakatlariga javoban “Xvason-18" qit’alararo ballistik raketasini muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazdi. Bu haqda Koreya markaziy axborot agentligi xabar berdi.

Bildirilishicha, raketa 6518,2 km maksimal parvoz balandligida 4415 soniyada 1002,3 km masofani bosib o‘tgan va “mo‘ljallangan akvatoriyaga aniq tekkan”.

Rasmiy Tokio Shimoliy Koreyaning raketasi Yaponiyaning Yapon dengizidagi eksklyuziv iqtisodiy zonasidan tashqarida, Xokkaydodan 20 km uzoqlikda joylashgan Okushiri orolidan 250 km g‘arbda qulaganini ma’lum qilgan.

“Uchirish atrofdagi mamlakatlar xavfsizligiga hech qanday salbiy ta’sir ko‘rsatmadi”, deyiladi Koreya markaziy axborot agentligi xabarida.

Raketa uchirilishiga Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In boshchilik qilgan, u markaziy qo‘mondonlik va kuzatuv punktida mashg‘ulotlar rejasini eshitgan va uchirishga ruxsat bergan.

Agentlikning yozishicha, sinovlar Koreya Respublikasi va AQSHning Yadroviy rejalashtirish bo‘yicha maslahat guruhining ikkinchi yig‘ilishiga, shuningdek, mintaqada KXDRga qarshi qaratilgan harbiy mashg‘ulotlarning faollashuviga va Amerikaning Koreya yarimoroliga yadroviy qurollarini joylashtirishiga javob bo‘lgan.

“Koreya yarimoroliga o‘z uyidek bostirib kelayotgan Qo‘shma Shtatlar va uning Janubiy Koreyadagi xizmatkorlarining vahshiyliklari tufayli KXDR xavfsizligi har soatda jiddiy tahdid ostida bo‘lib, bu Pxenyanni faolroq qarshi choralar ko‘rishga majbur qilmoqda”, deyiladi xabarda

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In esa “Xvason-18" qit’alararo ballistik raketasining muvaffaqiyatli uchirilishi, agar Qo‘shma Shtatlar Pxenyanga qarshi “noto‘g‘ri qaror qabul qilsa” KXDR nimaga tayyor ekanini ko‘rsatganini aytdi.

“AQSH va uning sun’iy yo‘ldoshlarining yovuz, qarama-qarshilik ambitsiyalari o‘z-o‘zidan yo‘qolmaydi va biz dushmanlarimizning mas’uliyatsiz harbiy tahdidlari Koreya yarimorolida tinchlik va xavfsizlik poydevorini buzayotganini kuzatib o‘tirmasligimiz kerak. Bizning bir necha bor qattiq ogohlantirish va qoralashimizga qaramay, yil davomida harbiy qarama-qarshilik isteriyasini kengaytirayotgan dushman kuchlarga aniq signal berdik. Mashq biz qanchalik tez harakat qilishga tayyor ekanimizni, agar Vashington bizga qarshi qaror qabul qilsa, tanlovimiz qanday bo‘lishini aniq ko‘rsatdi”, deydi Kim Chen In.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Pxenyan Vashington tomonidan navbatdagi dushmanlik harakatlari sodir bo‘lgan taqdirda, “ilg‘or va tahdidli variantlardan” foydalangan holda “faolroq hujumkor harakatlar” bilan javob berishi kerak. Mashg‘ulotlardan so‘ng KXDR rahbari yadroviy kuchlarni jadal mustahkamlash bo‘yicha “yangi muhim vazifalar”ni qo‘ygan.

Yaponiya Mudofaa vazirligining hisob-kitoblariga ko‘ra, 18 dekabrda sinovdan o‘tgan raketaning oddiy trayektoriya bo‘ylab uchirilgan masofasi 15 ming kilometrdan oshishi mumkin, bu butun Amerika hududini qamrab oladi. AQSH, Janubiy Koreya, Yaponiya va boshqa qator davlatlar KXDR harakatlarini qoraladi. Koreya Respublikasi Mudofaa vaziri Shin Von Sikning ma’lum qilishicha, uchirishga javoban Seul Pxenyandagi harbiy-siyosiy yetakchilikni yo‘q qilish bo‘yicha operatsiyalarni mashq qilish uchun maxsus kuchlar mashqlarini o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

Qo‘shma Shtatlar ham Shimoliy Koreyaning so‘nggi raketa uchirishlarini qoraladi. Davlat departamenti matbuot xizmati rahbari Metyu Millerning aytishicha, Shimoliy Koreyaning bu harakatlari mintaqadagi xavfsizlikka putur yetkazadi.

“AQSH KXDRning 17 va 18 dekabr kunlari ballistik raketa uchirilishini, jumladan qit’alararo ballistik raketani uchirilishini keskin qoralaydi, chunki bu mintaqaviy xavfsizlikka putur yetkazadi. Qo‘shma Shtatlar barcha mamlakatlarni Pxenyanning ballistik raketa uchirilishini qoralashga chaqiradi”, deydi Miller.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 17 dekabr kuni Amerikaning Virginia toifasidagi Missouri atom suvosti kemasi Janubiy Koreyaning Pusan shahriga yetib borgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Shimoliy Koreya KXDR ballistik raketa Xvason-18

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing