KXDR AQSH va Janubiy Koreyaga javoban ikkita raketa uchirdi
Olam
−
06 Oktabr 2022
9066Koreya Xalq Demokratik Respublikasi Yaponiya dengiziga ikkita ballistik raketa uchirdi. Bu haqda Janubiy Koreya harbiy qo‘mondonligiga tayanib, “Yonhap” agentligi xabar berdi. Uchirishni Yaponiya hukumati ham tasdiqladi, deb xabar beradi “Kyodo”.
Janubiy Koreya harbiylari hisobotiga ko‘ra, raketalardan biri 80 kilometrgacha bo‘lgan balandlikda taxminan 350 kilometr, ikkinchisi esa 60 kilometrgacha bo‘lgan balandlikda 800 kilometr uchgan. Ikkala snaryad ham Yaponiyaning eksklyuziv iqtisodiy zonasi tashqarisidagi dengizga tushdi, deb yozadi NHK.
“Yonhap” ta’kidlashicha, joriy sinov so‘nggi ikki hafta ichida oltinchisi bo‘ldi. 4 oktyabr kuni Shimoliy Koreya qit’alararo ballistik raketani uchirdi, u Janubiy Koreya va Yaponiya ma’lumotlariga ko‘ra, Yaponiya hududi ustidan taxminan 4500 kilometr masofani bosib o‘tib, Tinch okeaniga qulagan. Bu KXDRning joriy yildagi 24-sinovi bo‘ldi.
Yaponiya Mudofaa vaziri Yasukazu Hamada voqeani “provokatsiya” deb atadi. Janubiy Koreya Prezidenti Yun Sok Yol mamlakat xavfsizligini himoya qilish uchun AQSH va Yaponiya bilan hamkorlik qilishga va’da berdi. Janubiy Koreya rasmiylari ham javob choralari haqida ogohlantirgan.
AQSH Davlat kotibi Entoni Blinkenning aytishicha, agar Shimoliy Koreya “tanlagan yo‘lida” davom etsa, “bu qoralash, izolyatsiya va ularning harakatlariga javoban ko‘rilayotgan choralar kuchayishiga olib keladi”.
O‘z navbatida, KXDR rasmiylari ularning so‘nggi ikki hafta ichida uchirilgan raketalari AQSH va Janubiy Koreyaning “Koreya yarimorolidagi keskinlikni oshirayotgan” qo‘shma mashg‘ulotlariga “adolatli javob” ekanini aytdi. Shimoliy Koreya Tashqi ishlar vazirligi, shuningdek, Vashington va uning ittifoqchilarini raketa uchirilishi mavzusini BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida ko‘tarishga urinishlarini qoraladi.
LiveBarchasi