KXDR ham AQSHning “Oltin gumbaz” loyihasidan cho‘chiyapti
Olam
−
27 may 8388 2 daqiqa
Koreya Xalq Demokratik Respublikasi (KXDR) AQSHning yangi “Oltin gumbaz” (Golden Dome) nomli raketaga qarshi mudofaa tizimi nafaqat mudofaa, balki hujum maqsadlarini ko‘zlayotganini bildirib, uni global xavfsizlik uchun jiddiy tahdid deb atadi. Bu haqda Shimoliy Koreya Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi AQSH bo‘yicha institut tomonidan tayyorlangan bayonotga tayanib, Koreya markaziy axborot agentligi xabar berdi.
Bayonotda aytilishicha, “Oltin gumbaz” AQSHning “Avvalo – AQSH” tamoyiliga asoslangan o‘z manfaatini ustun qo‘yuvchi, zo‘ravon va o‘zboshimcha siyosatining mahsuli bo‘lib, Shimoliy Amerika qit’asini strategik raqib davlatlarning ballistik, qanotli va gipertovushli raketalaridan “monolit tarzda” himoya qilishni ko‘zlaydi.
KXDR pozitsiyasiga ko‘ra, bu tashabbus himoyaviy chorani emas, balki AQSHning bir qutbli hukmronlikka erishish strategiyasining bir qismi sifatida, kosmik miqyosdagi harbiy infratuzilmani oldindan barpo etish orqali yadro urushi ssenariysini tayyorlashni anglatadi.
Shuningdek, bayonotda AQSHning “kelajakdagi urush maydoni” sifatida kosmosni tanlagani va unga harbiy jihatdan hukmronlik o‘rnatishga intilayotgani qayd etilgan.
“AQSH uzoq yillardan beri kosmosni kelajakdagi urushlar uchun maydon deb atab keladi va ochiqchasiga e’lon qilmoqda: faqat kosmosni egallaganlar kelajakdagi urushda g‘alaba qozonadi”, deyiladi bayonotda.
KXDR mutaxassislarining fikricha, bu harakatlar butun dunyoda strategik qurollanish poygasini kuchaytirib, ehtimoliy kosmik urush xavfini keskin oshirmoqda.
“Faqat kuchlar muvozanatini simmetrik tarzda oshirish orqali davlat va mintaqaviy xavfsizlikni kafolatlash mumkin”, deyiladi bayonotda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Oq uyda jurnalistlarga bergan bayonotida “Oltin gumbaz” yangi raketaga qarshi mudofaa tizimi haqida gapirgandi. U ushbu tizim mamlakat xavfsizligi va hatto omon qolishi uchun muhim ekanini hamda loyiha uchun taxminan 175 milliard dollar ajratilishi rejalashtirilayotganini ma’lum qilgan edi.
Keyinroq Xitoy Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mao Nin “Oltin gumbaz” loyihasi koinotni harbiylashtirish va qurollanish poygasining kuchayish xavfini oshirishini aytib, bayonot bilan chiqdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “Oltin gumbaz” – bu global, ko‘p bosqichli va cheklovlarsiz raketaga qarshi mudofaa tizimi bo‘lib, AQSHning kosmosda zarba berish imkoniyatlarini kengaytirishini nazarda tutadi.
Live
Barchasi