Kiyevga yordamning kechiktirilishi Putin uchun sovg‘a bo‘ladi – Bayden 

Olam

image

AQSH Kongressi Ukrainaga qo‘shimcha mablag‘ ajratishni ma’qullamasa, Vashington Kiyevga harbiy yordam ko‘rsatish imkoniyatini yo‘qotishi mumkin. Bu haqda Amerika Prezidenti Jo Bayden kecha, 12 dekabr kuni ukrainalik mavqedoshi Vladimir Zelenskiy bilan qo‘shma matbuot anjumanida ma’lum qildi. 

Baydenning ta’kidlashicha, Qo‘shma Shtatlar "Ukrainani imkon qadar uzoq vaqt davomida muhim qurol va jihozlar bilan ta’minlashda davom etadi". Shu bilan birga, u AQSHning Ukrainaga yordam ko‘rsatish qobiliyati pasayib borayotganini bildirdi. 

“Qo‘shimcha mablag‘larsiz biz Ukrainaga favqulodda operativ ehtiyojlarni hal qilishda yordam berish imkoniyatimizni tezda tugatamiz”, deydi Prezident.

Oq uy rahbari Zelenskiy bilan uchrashuvda agar Kongress qo‘shimcha mablag‘ni tasdiqlashga ulgurmasa, bu Vladimir Putin uchun “eng katta Yangi yil sovg‘asi” bo‘lishini aytdi.

Vladimir Zelenskiy esa Kiyevga yordam berish uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratish bo‘yicha haligacha kelishuvga erishilmaganiga qaramay, Oq uy va AQSH Kongressi tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganini his qilishini aytdi. U, shuningdek, Ukraina "muzlatilgan Rossiya aktivlari bilan tezroq ishlashi" kerakligini ta’kidladi. Bu 300 milliard dollardan oshadi. 

"Biz ulardan o‘zimizni Rossiya terroridan himoya qilish uchun foydalanishimiz kerak", degan Ukraina rahbari.

Shuningdek, Zelenskiy Oq uyda Ukrainaning 2024 yilga mo‘ljallangan maqsadlarini e’lon qildi. Bu maqsadlar – Rossiyani havo ustunligidan mahrum qilish va ularning hujum operatsiyalarini to‘xtatish. Shuningdek, Zelenskiy tegishli savolga javob berar ekan, mojaroni hal qilish uchun hech qanday hududiy yon berish mumkin emasligini qayd etgan.

Zelenskiyning tashrifi AQSH Kongressidagi demokratlar va respublikachilar o‘rtasida Ukrainaga keyingi moliyaviy yordam bo‘yicha kelishmovchiliklar fonida bo‘lib o‘tdi. Bayden ma’muriyati ikki oydan ko‘proq vaqt davomida xavfsizlik xarajatlari uchun 106 milliard dollarni, jumladan Ukrainaga 61,4 milliard dollar va Isroilga 14,3 milliard dollarni tezda ajratishga intilmoqda. Oq uyning ta’kidlashicha, Kiyevga yordam 2023 yil oxirigacha tasdiqlanishi kerak, chunki avval o‘tkazilgan pullar deyarli yo‘q bo‘lib ketgan. Respublikachilar qonun loyihasini qabul qilishdan bosh tortmoqda. Buning o‘rniga ular boshqa masalalarda imtiyozlar berishni, xususan, immigratsiya siyosatini kuchaytirish va AQSHning janubiy chegarasida xavfsizlikni ta’minlashni talab qilmoqda.

Respublikachilar yetakchisi Mitch MakKonnellning aytishicha, Kongress moliyalashtirish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ko‘rib chiqishni kelasi yilga kechiktirishi mumkin. Uning fikricha, Yangi yil oldidan Ukrainaga yordam va chegara xavfsizligini ta’minlash uchun mablag‘ ajratishni ma’qullash "deyarli imkonsiz".

Eslatib o‘tamiz, oldinroq AQSH Prezidenti Jo Bayden Ukrainaga 200 million dollarlik yangi harbiy yordam paketini tasdiqlagandi. AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken esa AQSH Prezidenti tomonidan tasdiqlangan yangi harbiy yordam paketi, agar AQSH Kongressi Kiyev ehtiyojlari uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratishga rozi bo‘lmasa, oxirgi paketlardan biri bo‘lishi mumkinligini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Ukraina Vladimir Zelenskiy Kongress Jo Bayden

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing