Kiyevga ommaviy zarba: Rossiya nishonlar ro‘yxatini ochiqladi
Olam
−
18:02 2692 1 daqiqa
Rossiya Kiyev shahri va Kiyev viloyatidagi transport infratuzilmasi ob’ektlari hamda logistika markazlariga ommaviy zarba berdi. Bu haqda mamlakat Mudofaa vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, hujum yuqori aniqlikdagi quruqlikdan uchiriladigan qurollar va uzoq masofali uchuvchisiz uchish apparatlari yordamida amalga oshirilgan.
Rossiya Mudofaa vazirligi Kiyevdagi nishonlardan biri “Darnitsa” lokomotiv deposi bo‘lganini bildirgan. Vazirlik iddaosiga ko‘ra, ushbu korxonada Ukraina Qurolli kuchlari ehtiyojlari uchun foydalaniladigan lokomotivlar ta’mirlangan va ularga texnik xizmat ko‘rsatilgan.
Shuningdek, Kiyev viloyatidagi nishonlar qatorida “Nova Poshta” kompaniyasining yirik saralash majmuasi hisoblangan “Brovari” logistika markazi ham tilga olingan. Rossiya tomoni bu yerda uzoq va o‘rta masofali dronlar uchun butlovchi qismlar hamda tayyor mahsulotlar saqlanganini da’vo qilgan.
Bundan tashqari, Rossiya Mudofaa vazirligi bugun, 22 avgust kuni Chernomorsk va Yujniy portlarida Ukraina Qurolli kuchlari uchun mo‘ljallangan harbiy mulk omborlari hamda yoqilg‘i-moylash materiallari saqlanadigan rezervuarlarga ham zarba berilganini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 21 avgust kuni Rossiya dronlarining Ukraina markazidagi Krivoy Rog shahridagi savdo markaziga bergan zarbalari oqibatida kamida 16 kishi halok bo‘lib, 130 dan ortiq odam jarohatlangandi.
Live
Barchasi